Electrek xabariga koʻra, DeLorean dastlab chempionatning boshqa ishtirokchilari kabi standart Airspeeder Mk3C shassisidan foydalanadi. Loyiha oddiy yoʻl harakati uchun moʻljallangan avtomobil emas, havo poygalarida qatnashadigan eVTOL - tik uchib-qoʻnadigan elektr apparatidir.

Airspeeder asoschisi va rahbari Mett Pirson brendning kino tarixidagi oʻrniga eʼtibor qaratgan. Uning taʼkidlashicha, haqiqiy uchuvchi avtomobil yaratilishidan ancha oldin dunyo tomoshabinlari uchuvchi DeLorean qanday koʻrinishini tasavvur qilib boʻlgan.

Keyingi bosqichda kompaniya oʻz poyga apparatini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Xabarda aytilishicha, 2027–2028-yilgi mavsumda Berklidagi Kaliforniya universiteti va Jorjiya texnologiya institutining talaba muhandislar jamoalari bilan hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.

DeLorean zanglamas poʻlat kuzovli va «chayka qanoti» uslubida ochiladigan eshiklarga ega sport avtomobillari bilan tanilgan. Endi brend shu obrazni elektr aviatsiyasi va havo poygalari bilan bogʻlashga urinmoqda.

Hozircha loyihaning ommaviy ishlab chiqariladigan uchuvchi avtomobilga aylanishi haqida maʼlumot yoʻq. Taqdim etilgan rejalar asosan poygada ishtirok etish va yangi apparatni ishlab chiqishga qaratilgan.