Visual Capitalist infografikasi Xalqaro valyuta jamğarmasi hamda BMTning Comtrade bazasi maʼlumotlari asosida tayyorlangan. Unda 2000 va 2025-yillarda mamlakatlarning Xitoy, AQŞ va Yevropa Ittifoqi bilan savdosi taqqoslangan.

Hisob-kitoblarda tovarlar eksporti va importi qöşilgan, xizmatlar savdosi esa inobatga olinmagan. Taqqoslaş faqat uç iştirokçi örtasida ötkazilgan: Xitoyning yetakçiligi muayyan mamlakat u bilan AQŞ yoki Yevropa Ittifoqining har biriga nisbatan köproq savdo qilganini anglatadi. Bu Xitoy öşa mamlakatning barça hamkorlari orasida ham birinçi örinda degani emas.

2000-yilda tahlil qilingan 175 ta iqtisodiyotning 112 tasida Yevropa Ittifoqi, 53 tasida AQŞ va 10 tasida Xitoy mazkur uçlik orasida yetakçi bölgan.

2025-yilgi maʼlumotlarda Xitoy 92 ta, Yevropa Ittifoqi 55 ta, AQŞ esa 32 ta mamlakat va hudud bilan savdoda birinçi örinni egallagan.

Har ikki yil uçun maʼlumot mavjud bölgan 175 ta iqtisodiyotning 88 tasida uçlikdagi yetakçi hamkor özgargan. Şundan 81 tasida birinçi örin Xitoyga ötgan: 57 tasida u Yevropa Ittifoqini, 24 tasida esa AQŞni ortda qoldirgan.

Eng sezilarli özgarişlar Osiyoda kuzatilgan. Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur, Filippin, Tailand va Malayziya 2000-yilda uçlik orasida eng köp AQŞ bilan savdo qilgan bölsa, keyinçalik Xitoy oldinga çiqqan. Avstraliya va Yangi Zelandiyada esa Xitoy Yevropa Ittifoqi örnini egallagan.

Fors körfazi mamlakatlarida ham şunday siljiş yuz bergan. Osiyoda neftga talab oşişi fonida Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Kuvayt savdosida Xitoyning örni kuçaygan. Rossiyada esa 2022-yilda Ğarb sanksiyalari joriy etilgaç, savdoning şarqqa yönalişi tezlaşgan.

AQŞ va Yevropa Ittifoqi özlariga yaqin mintaqalarda kuçli mavqeini saqlab qolgan. AQŞ Kanada, Meksika, Markaziy Amerika va Karib havzasining aksariyat davlatlari bilan savdoda yetakçi. Yevropa Ittifoqi esa unga aʼzo bölmagan köplab Yevropa mamlakatlari, şuningdek, Şimoliy va Ğarbiy Afrikaning qator davlatlarida ustunlikka ega.

Xitoyning taşqi tovar savdosi 2000-yildagi 470 milliard dollardan 2025-yilda 6,4 trillion dollarga yetgan. Bu qariyb 14 baravarlik ösişdir. Şu davrda Yevropa Ittifoqi savdosi 3,4 baravar, AQŞniki esa 2,9 baravar köpaygan.

Xitoyning 2001-yil dekabrida Jahon savdo taşkilotiga aʼzo bölişi bu özgarişning muhim omillaridan biri bölgan. Aʼzolik eksportçilarning taşqi bozorlarga kiriş şaroitlarini barqarorlaştirgan va savdo imkoniyatlarini kengaytirgan.