Konstitutsiyaviy sud (KS) fuqarolar va kompaniyalar onlayn murojaat qilishi hamda jarayonda videoaloqa va mobil ilova orqali ishtirok etishi uchun oʻz amaliyotiga axborot tizimini joriy etadi. Shuningdek, instansiyaga majlislarni internetda translyatsiya qilish majburiyati yuklandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 14-oktabr kuni imzolangan KS toʻgʻrisidagi qonunning yangi tahririga koʻra, tegishli normalar 2028-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Shunday qilib, sud ishlarini toʻliq onlayn rejimda yuritish imkonini beruvchi elektron tizimni yaratish va ishga tushirishga bir yildan ortiq vaqt ajratilgan. Qonunda koʻrsatilgan boshqa bandlar u eʼlon qilingan paytdan, yaʼni 14-oktabrdan boshlab amal qiladi.
Endi Konstitutsiyaviy sudda ish yuritish yozma bilan birga elektron shaklda ham olib borilishi mumkin, bunday hujjatlar teng yuridik kuchga ega boʻladi.
Agar daʼvolar Konstitutsiyaviy sudning vakolatiga kirmasa, KS murojaatlarni boshqa organlarga yuborishga yoki ularni koʻrib chiqishni rad etishga haqli. Jismoniy shaxslar va tashkilotlardan kelib tushayotgan arizalarni dastlabki oʻrganish uchun koʻpi bilan 15 kunlik muddat beriladi.
Yangi tahrirdagi qonunda ishlarni koʻrib chiqishga tayyorlash - jarayon ishtirokchilarini aniqlashdan tortib, mutaxassis va ekspertlarni jalb qilishgacha boʻlgan tartib mustahkamlangan. Tayyorgarlik tadbirlari sud murojaatni olgan paytdan eʼtiboran 20 kundan oshmasligi kerak. Shundan soʻng, instansiya 10 kun ichida muhokamani tayinlash toʻgʻrisida qaror chiqarishi va barcha manfaatdor fuqarolarni eshituv boshlanishidan kamida 5 kun oldin xabardor qilishi shart. Yigʻilishning sanasi, joyi va vaqti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar KS rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim.
Qonunda KS qarorlarini taraflarga yuborishning oxirgi muddati - ular qabul qilingan paytdan eʼtiboran 5 kun deb belgilangan.
Agar ish Oliy sudning boshqa biron-bir jarayonda qoʻllanilayotgan normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida tushuntirish berishni talab qiluvchi murojaati boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, unda sud ishini yuritish KS qarori chiqqunga qadar vaqtincha toʻxtatib turiladi. Bu holda qaror chiqarish uchun bir oy vaqt beriladi.
Bundan tashqari, KS har yili koʻrsatib oʻtilgan davrda koʻrilgan ishlar amaliyotidan kelib chiqib, konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida hisobot shakllantirish majburiyati yuklandi. Maʼruza respublika prezidentiga, shuningdek, mamlakat Oliy Majlisi ikkala palatasiga yuborilishi kerak.
















