Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida YPX xodimining qonuniy talabiga boʻysunmay, uni haqorat qilgan texnikum oʻquvchilari aniqlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir necha oʻsmir Malibu-2 rusumli avtomobilda Ishtixon tumani koʻchalarida harakatlanib, YPX xodimining toʻxtash talabiga boʻysunmagani, mashinani uning ustiga haydab borishgani, shuningdek, xodimni haqoratlashgani va voqea joyidan qochib ketganini koʻrish mumkin.
Ularning oʻzi bu holatni videoga olgan va ijtimoiy tarmoqda tarqatgan.
Oʻrganishlar davomida qoidabuzarliklarni sodir etgan shaxslar Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 2-sonli texnikum oʻquvchilari ekani aniqlangan.
Ular mashinani 1,2 mln soʻmga ijaraga olishgan va haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan holda rulga oʻtirishgan.
Mazkur holat mashinani ijaraga bergan tadbirkor, bolalarning ota-onalari, tuman hokimi va huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilingan.
Samarqand viloyati YHXB matbuot xizmati eʼlon qilgan videoda oʻquvchilar koʻz yosh toʻkkan holda haqorat uchun YPX xodimidan uzr soʻrashgan.
Holat yuzasidan Ishtixon tumani ichki ishlar boʻlimi tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Toʻplangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
















