Oʻzbekistonda davlat tiliga amal qilmagan 4500 ga yaqin reklama va tashqi yozuvlar aniqlandi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator tomonidan joriy yil boshidan buyon mamlakat boʻylab tashqi yozuvlar, jumladan, peshlavhalar, reklama va boshqa eʼlonlar hamda axborot matnlarining davlat tili talablariga muvofiqligi yuzasidan 16 mingdan ortiq monitoring oʻtkazilgan. Natijada 4496 ta holatda kamchiliklar aniqlandi. Shundan 2344 tasida peshlavha, tashqi yozuv va boshqa eʼlonlar, 975 tasida esa tashqi reklamalar matni boshqa tillarda berilgani maʼlum boʻldi. Shuningdek, 841 ta peshlavha, tashqi yozuvlar va boshqa eʼlonlarda, 336 ta tashqi reklama vositasidagi reklama va axborotlar matnida lugʻaviy maʼno buzilgani va imloviy xatolar qayd etilgan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va reklama matnlarini davlat tili hamda reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish choralari koʻrilgan. Bundan tashqari, Raqobat qoʻmitasi goʻzallik salonlari, avtoservislar va qurilish materiallari savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga reklamani joylashtirish boʻyicha tegishli tushuntirishlar bergan.

Raqobat qoʻmitasi tadbirkorlarni tashqi reklama, peshlavha va axborot koʻrsatkichlarini joylashtirishda davlat tili hamda reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishga chaqirdi.