Toshkent shahrida ochilganiga bir necha oy boʻlgan avtosalon Xitoydan oson shartlarda mashina keltirib berish vaʼdasi bilan oʻnlab odamni chuv tushirdi: ular avtofiribgarlar ekani maʼlum boʻldi. Kun.uz holatni oʻrgandi.

Eʼlondan “avtosalon”ga yoʻl

Toshkent shahrida yashovchi Kamoliddin Nabiyev agar qulay shartlarda variant chiqsa, BYD E2 mashinasini xarid qilmoqchi edi. Olx’dagi eʼlonlardan biri uning eʼtiborini tortdi - ayni shu rusumdagi mashina boʻlib toʻlash shartida taklif etilgandi.

“Telegram orqali lokatsiya tashlab berishdi, bordim. Besh-olti qiz ishlayotgan edi, iliq kutib olishdi. Keyin menga Samandar ismli bolaning telefon raqamini berishdi. Gaplashdim. Oradan 10-15 daqiqa oʻtib, u keldi. Hammasini tushuntirdi, mashina va shartlar menga maʼqul keldi.

Mashina Xitoydan 25-30 kunda keladi, deyishdi. Men nega ularda arzonligini soʻradim. Firma boʻlganimiz uchun shunaqa deb javob qilishdi. Boshlangʻich toʻlov sifatida 4200 dollar toʻladim, Samandar sanab oldi. Keyin shartnoma tuzildi.

Samandardan kim boʻlib ishlashini soʻraganimda ish yurituvchiman dedi. Oradan vaqt oʻtdi. 25 kundan soʻng ham menga VIN-kod joʻnatishmadi. Telegram orqali aloqaga chiqdim. Menga har xil telefon raqamlari tashlab berishdi.

Xalilulloh degani bilan bogʻlandim. U qaysi tumanga toʻlov qilgansiz, deb soʻradi. Yakkasaroyga dedim. Sizga tez orada aloqaga chiqishadi, dedi, ammo hech kim aloqaga chiqmadi. Shundan keyin bildim ular firibgar ekanini”, deydi Kamoliddin Nabiyev.

Avtosalon xodimlarining mashinani Xitoydan keltirib berish vaʼdasi hamda boshlangʻich toʻlovdan tashqari pulini boʻlib toʻlash sharti Kamoliddin Nabiyevga maʼqul kelgandi. Chunki, bunday taklif boshqa rasmiy avtosalonlarda uchramaydi. Shu sababli, u mazkur avtosalonni mashina xarid qilish istagida boʻlgan singlisiga ham tavsiya qilgan.

Singil shunday deydi:

“Drive avenue” haqida akamdan eshitdim. Akam zoʻr takliflar boʻlyapti, ishonchli ekan, oylik toʻlovlari ham yaxshi, surishtirdim, dedi. Biz ham borib toʻlov qildik. 6200 dollar toʻladik, BYD uchun. Oylik toʻlovi 5,1 mln soʻm, akangizniki bilan birga keladi, deyishdi. Keyin aldanganimizni bildik”.

Afsuski, ushbu avtosalonga chuv tushgan faqat shu aka-singil emas. Xitoydan olib kelib beramiz, degan quruq vaʼdaga ishonib, 9-10 ming dollar pulini ularga tutqazganlar talaygina.

Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi Abzal Zuhurov ham Olx’dagi eʼlon orqali “Drive avenue” avtosaloniga borib, shartnoma imzolagan hamda boshlangʻich toʻlov sifatida 9 ming dollar toʻlagan.

“Umri qisqa” avtosalon

Mijozlar bilan shartnomalar “Drive avenue” MCHJ nomidan tuzilgan. Ochiq manbalarga koʻra, “Drive avenue” MCHJ 2022-yil 11-aprel kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Taʼsischisi Yusupov Xalilillo Xayrullo oʻgʻli.

Buni koʻrganlar “Mana, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganiga qariyb 5 yil boʻlibdi, yopilib ketmabdi-ku”, deyishi mumkin. Aslida, bu ham mijozlarni chalgʻitish uchun qilingan xiyla. Negaki, “Drive avenue” MCHJ “Dynamics Ma” MChJni qayta roʻyxatdan oʻtkazish orqali tashkil etilgan. Qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazish 2026-yil 24-avgust kuni amalga oshirilgan.

Kamoliddin Nabiyev avtosalonga borgach, taklifni eshitgan va oʻylab koʻrish uchun ketgan. U bir necha kundan soʻng qaytib borib, 2026-yil 24-avgust kuni shartnoma tuzgan. Bu sana shartnomada ham koʻrsatilgan.

Bu “Drive avenue” MCHJ qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kunga toʻgʻri keladi.

“Sholgʻom” rahbar

Aldanganini bilgan Kamoliddin Nabiyev “Drive avenue” MCHJ taʼsischisi Xalilillo Yusupovni siquvga ola boshlagan.

Shunda Xalilillo Yusupov MChJga nomigagina rahbar ekanini, aslida bu ishlar ortida boshqa shaxs turganini aytgan.

Murojaatchilar “Drive avenue” MChJni norasmiy ravishda Bekzod Baxtimurodov  boshqarganini aytishmoqda. Kun.uz’da Xalilillo Yusupov oʻz rahbari sifatida Bekzod Baxtimurodov bilan gaplashgani aks etgan videolavha ham mavjud.

Bekzod Baxtimurodov ismi Kun.uz orqali jamoatchilikka biroz tanish. Chunki, tahririyat bir yil avval Xitoydan mashina keltirib berish vaʼdasida bir nechta vatandoshni chuv tushirgan “Global avto kredit” MCHJ haqida surishtiruv eʼlon qilgandi. Bekzod Baxtimurodov ana shu MChJning taʼsischisi va rahbari hisoblanadi. 

“Global avto” ishi boʻyicha 2025-yil 12-noyabr kuni Bekzod Baxtimurodov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi. Buni Kun.uz’ga Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov ham tasdiqlagan.

Mazkur jinoyat ishining keyingi taqdiri boʻyicha Shohrux Gʻiyosovga soʻrov kiritdik. Uning aytishicha, hozirda Bekzod Baxtimurodovga nisbatan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan juda koʻp miqdorda firibgarlik bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. 

Shohrux Gʻiyosov Bekzod Baxtimurodov qachon qamoqqa olingani haqidagi soʻrovimizni javobsiz qoldirdi.

Har shartnomaga $100

“Drive avenue” MChJda faoliyat yuritgan menejerlar mijozlar bilan tuzilgan har bitta shartnoma uchun 100 dollardan pul olgan. Tahririyatda Xalilillo Yusupovning avtosalonda ishlagan xodim bilan suhbati yozib olingan audio mavjud.

Unda avtosalon xodimi tuzilgan har bir shartnoma uchun 100 dollar pul olib kelganini, ammo keyingi paytlarda bu pul berilmayotganini bildirgan. Xalilillo Yusupov esa bu ishlar ortida Bekzod Baxtimurodov turganini maʼlum qilgan.

Kun.uz Xalilillo Yusupov bilan bir necha bor bogʻlanishga harakat qildi. Biroq buning imkoni boʻlmadi.

Hozirda “Drive avenue” MChJga aldanganlar holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Poytaxt IIBB nima deydi?

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati bilan uchrashdi.

Bosh boshqarma matbuot xizmati rahbari Nilufar Madiyevaning maʼlum qilishicha, Bekzod Baxtimurodov va Aziz Raximjonovga JIB Mirobod tuman sudining 2026-yil 24-sentabrdagi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. 15-oktabr holatiga jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zarar 10 mlrd 902 mln soʻmni tashkil qilmoqda. Shuning 5 mlrd 207 mln soʻm qismi qoplangan.

Maʼlum boʻlishicha, hozirga qadar “Jas auto motors”, “Jas auto motors”, “Auto villace”, “Next avtocity” hamda “Global avto kredit” MChJlar boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari birlashtirilgan. Chunki, ushbu MChJlarga Bekzod Baxtimurodovning aloqadorligi aniqlangan. Surishtiruvda tilga olingan “Drive avenue” MCHJ esa navbatdagi holat.

Eʼtiborlisi, hozirda ishi birlashtirilgan MChJlarning 3 tasi (“Drive avenue” MCHJ ham) Bekzod Baxtimurodovga jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va u ochiqda qoldirilgan 2025-yil noyabridan keyin qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Bu Bekzod Baxtimurodov ochiqda qolganidan foydalanib, odamlarni chuv tushirishda davom etganini koʻrsatadi.

2025-yil noyabrida qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi tergovi nega hozirga qadar tugamagan? Buni poytaxt IIBB matbuot xizmati rahbari shunday izohladi: 

“Jinoyat ishi doirasida shaxsning aybini isbotlash maqsadida hujjatli taftish tayinlangan, jabrlanuvchilar soʻroq qilingan, yuzlashtirish tergov harakatlari va boshqa zarur tergov harakatlari oʻtkazilgan. Ish hajmi koʻp boʻlgani uchun tergov toʻliqligi taʼminlanishi zarur boʻlgan. Tergov jarayonida yangi holatlar aniqlanganligi sababli hozirda tergov harakatlari davom etmoqda”.

Prezident Toshpoʻlatovga topshiriq bergandi

2026-yil yanvar oyida prezident raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda jinoiy toʻdalar faoliyati tanqid qilingandi.

“Ilgari faqat “koʻcha” deb bilgan uyushgan jinoyatchilik bugun biznes niqobi ostida ancha daromadli sohalarga kirib boryapti. Ayniqsa, jinoiy toʻdalar faoliyati koʻp qavatli uylar, avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilishda ancha koʻpaygan.

Shaharda kvartira sotish masalasida 3 000 dan ziyod fuqaroga 1,3 trln soʻm zarar yetkazilgan. Misol uchun, “Credit House”, “Infin Story Invest” qurilish korxonalari kvartira sotish vaji bilan 2000 nafar fuqaroni aldab, 490 mlrd soʻm pullarini oʻzlashtirgan.

Yoki “Umid Avtolizing”, “Halol Avtolizing” kompaniyasi kabi firmalar jami 1800 nafar fuqaroga avtomashina yetkazib berishni vaʼda qilib, ularning 80 mlrd soʻmini qoʻlga kiritgan. Bu ham haqiqat, bu ham Oʻzbekistonda boʻlyapti. Lekin hech kim bong urmaydi.

Jahongir Xatamov,Toshpoʻlatov bunday uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga qachon barham beradi? Sizlar qilmasangiz kim qiladi, Xatamov?” degandi Shavkat Mirziyoyev.

Bloger va jamoatchilik faollariga nisbatan ishlayotgan qonun Bekzod Baxtimurodov kabilarga kelganda ishlamay qolishi sabablarini kimdir tushuntirib bera oladimi?