Samarqandda Oʻzbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva tashabbusi bilan tashkil etilgan «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yoʻl» butunjahon sammiti boshlandi. Anjumanda turli mamlakatlarning birinchi xonimlari, BMT, UNICEF, Jahon banki, JSST va boshqa xalqaro tuzilmalarning yuqori martabali vakillari ishtirok etmoqda.
Sammitda ogʻir xastalikka chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Global tarmoq tuzilishi eʼlon qilindi. Bu haqda «St. Jude» (AQSH) bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti Karlos Rodriges-Galindo maʼlumot berdi.
Qayd qilinishicha, Global tarmoq ogʻir va hayot uchun xavfli, jumladan, onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida xalqaro hamkorlik va tajriba almashish uchun birinchi xonimlar hamda davlat rahbarlarining turmush oʻrtoqlarini birlashtiradi.
Oʻzbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ikki yil muddatga Global tarmoq raisi boʻldi. Uning raislikka kirishish marosimi Bolalar onkologiyasi boʻyicha xalqaro kongress doirasida oʻtkazildi.
Taʼkidlanishicha, bu qaror Oʻzbekistonda bolalar onkologiyasi xizmatini rivojlantirish borasida erishilgan yutuqlar, shuningdek, Ziroat Mirziyoyevaning saratonga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning sifatli tibbiy yordamdan foydalanishini taʼminlash hamda hayotiy holatidan qatʼi nazar, har bir bolaning oʻsishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratishdagi faol va yetakchi oʻrnining eʼtirofidir.
















