Vladimir Putin Rossiya sudi tomonidan yollanishda ayblanib qamalgan AQSH fuqarosi Stiven Habbardni ozod qildi. Bu haqda Putinning oʻzi Sankt-Peterburgda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuvi boshlanayotganida maʼlum qildi. Rossiya prezidenti Habbard allaqachon Pulkovo aeroportida ekanini qoʻshimcha qilgan. U Uitkoff bilan birga Osloga uchib ketishi taxmin qilinmoqda.
Rasmiy formulirovkaga koʻra, Habbard «ezgu niyat belgisi sifatida» ozod qilingan – Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning AQSH buning evaziga Rossiyaga kimni topshirishi haqidagi savoliga javoban shunday taʼrifni keltirdi. Donald Tramp ham bu bir tomonlama harakat boʻlgani va Rossiya «prezident Trampga hurmat yuzasidan» evaziga hech narsa talab qilmaganini aytdi. AQSH prezidenti endi ilgari Rossiyaga «darhol» sanksiyalar joriy etishni talab qilganlar «uzr soʻrab qoʻngʻiroq qilayotgani»ni qoʻshimcha qilgan.
Moskva shahar sudi Habbardga nisbatan hukmni 2024-yil oktabr oyida eʼlon qilgandi. Oʻshanda u 72 yoshda edi. Tergovchilarga koʻra, ushbu amerikalik 2014-yildan beri Ukrainada yashagan va 2022-yil fevral oyida Xarkiv oblastidagi hududiy mudofaa boʻlinmasi safiga qoʻshilgan. Bir oy oʻtib u rossiyalik harbiylar tomonidan asirga olinadi va yollanish moddasi (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 359-moddasi 3-qismi) boʻyicha aybdor deb topiladi. Prokuratura uni yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etishni talab qilgan, sud esa olti yil-u oʻn oyga hukm qilgan. Ish ikki majlisda yopiq tartibda koʻrib chiqilgan. Rossiya rasmiylariga koʻra, amerikalik sudda aybiga iqror boʻlgan. Shu bilan birga, Habbardning singlisi oʻz intervyusida u ingliz tili oʻqituvchisi boʻlib ishlagani, rossiyaparastligini hamda qurol ishlatishni bilmasligini aytgan.

Asirlikda Habbardni qiynoqqa solishgan. Rossiya asirligida boʻlib qaytgan va amerikalikka hukm eʼlon qilinishigacha u bilan bir xonada saqlangan ukrainalik sobiq mahbus Igor Chichkoning aytishicha, Habbard va u bilan birga oʻtirgan ukrainalik harbiylar kaltaklangan, kamsitilgan va ochlikka mahkum qilingan. «Hamma qatori uni ham muntazam ravishda kaltaklashardi. Uni tayoq va toʻqmoq bilan urishar, tepkilashardi. Itlarga talatishar, ovqat berishmas, yoʻlaklarda emaklashga majbur qilishardi», – degandi u. Habbardning oʻzi Chichkoga elektr toki bilan ham qiynashganini aytib bergan.












