- Rossiya-Ukraina urushida tomonlarning oʻzaro hujumlari qanday tus olyapti?

Kamoliddin Rabbimov: 14-oktabr kuni Ukraina Uchinchi armiyasi korpusi vakili “Vivaldi” operatsiyasining kuzgi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, Ukraina armiyasi Rossiyadan 277 kvadrat kilometr hudud va 16 ta aholi punktini qaytarib olgan. Rossiya Ukrainaning toʻrtta hududini oʻz konstitutsiyasiga kiritib qoʻygan. Ammo qogʻozda Rossiyaniki deb eʼlon qilingan hududlarning barchasi ham amalda uning nazoratida emas. Vladimir Putinning asosiy sharti esa Donbass bilan bogʻliq: Rossiya bu hududni oʻzi egallashi yoki Ukraina uni topshirishi kerak, shundagina urush tugashi mumkin.

Ukraina esa Donbassni berishga prinsipial ravishda qarshi turib, bor imkoniyati va resurslarini shu yoʻnalishga safarbar qilmoqda. Demak, Donbass, xususan, Liman atrofidagi janglar Rossiya va Ukraina uchun urushning eng muhim nuqtalaridan biri hisoblanadi. Qaytarib olingani aytilayotgan 16 ta aholi punkti shunisi bilan eʼtiborliki, charchagan, harbiy resurslari cheklangan va AQSH yordami borasida noaniqliklarga duch kelayotgan Ukraina ham ayrim hududlarni Rossiyadan qaytarib olishga muvaffaq boʻlmoqda.

Bugungi urushning muhim xususiyatlaridan biri - eskalatsiya orqali bosim oʻtkazish. Front chizigʻida tomonlarning hech biri hal qiluvchi ustunlikka erisha olmayapti. Ukraina egallab olingan hududlarni tezda toʻliq qaytarib ololmayapti, Rossiya esa Donbassning qolgan qismini toʻliq bosib olishga qiynalmoqda. Shunday vaziyatda tomonlar front ortidagi nishonlarga zarba berish orqali bir-biriga bosimni kuchaytirishga urinmoqda. Ukraina Rossiyaning neft korxonalari va maʼlumotlar markazlariga hujum qilmoqda. Rossiya esa Kiyev va boshqa hududlarga zarbalar bermoqda, ayrim hollarda atom elektr stansiyalari bilan bogʻliq obyektlar ham nishonga olinmoqda.

Bunday harakatlardan koʻzlangan maqsad - frontda erishilmagan natijaga boshqa yoʻllar bilan erishish, raqibning iqtisodiy imkoniyatlarini zaiflashtirish va uning ichki barqarorligiga taʼsir koʻrsatish. Tomonlar shu tariqa raqib jamiyatida norozilikni kuchaytirish, aholini hukumatdan norozi qilish va siyosiy bosimni oshirishga urinishi mumkin. Bu urushlarga xos yangi hodisa emas, biroq bugungi eskalatsion urushlarda front ortiga zarbalar berish va ijtimoiy norozilikni kuchaytirish - raqibni yon berishga majburlash vositalaridan biriga aylanmoqda.

Abduvali Soyibnazarov: Liman shahri Rossiya nazoratidan chiqqani haqidagi maʼlumotlarga qoʻshilmayman. Ukraina Donbassdagi katta kuchlarini shu yoʻnalishga safarbar qilib, Liman atrofidagi oʻrmon hududlarini egallagan boʻlishi mumkin. Biroq Liman shahrining asosiy qismi hamon Rossiya nazoratida. Ikkinchi masala - Rossiya Bosh shtabi boshligʻi Valeriy Gerasimovning Putinga bergan hisoboti. Unda Donbass bilan Dnepropetrovsk viloyati chegarasidagi muhim shaharlardan biri boʻlgan Dobropillya egallangani aytilmoqda. Ammo bu maʼlumot ham shubhali. Rossiya matbuoti va Z-blogerlar ham avval bir necha bor rasmiy xabarlarni tanqid qilgan.