Qashqadaryoda 6 mlrd dollarlik loyihalarga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.

Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, soʻnggi besh yilda viloyatga 20 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan. Xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan minglab loyihalar ishga tushirildi, aholi jon boshiga daromad uch baravar oshdi.

«Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning oʻzida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod boʻlgan 161 ta loyiha tayyorlangan. Marosimda 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berildi.

Oʻzbek-lotin alifbosida 4 ta harf rasman oʻzgartirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr – Oʻzbek tili kunida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi toʻrtta harfni oʻzgartirish haqidagi qonunni imzoladi.

Qonun quyidagi oʻzgarishlarni nazarda tutadi:

O‘ o‘ → Ö ö

G‘ g‘ → Ğ ğ

Sh sh → Ş ş

Ch ch → Ç ç

ng harfi mustaqil harf sifatida alifbodan chiqariladi.

Tutuq belgisi alifboda saqlanib qoldi.

Amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlar oʻz kuchida qoladi, darslik, peshlavha va koʻrsatkichlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi.

Qonun rasman eʼlon qilinganidan keyin 6 oy oʻtib kuchga kiradi.

Oʻquvchi, talaba va pedagoglar har yili psixologik diagnostikadan oʻtkaziladi

Oʻzbekistondagi barcha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, oʻquvchi va talabalar hamda tarbiyachi va pedagoglar har oʻquv yilida kamida bir marta psixologik diagnostikadan oʻtkaziladigan boʻldi.

Prezident qaroriga koʻra, diagnostika natijalari sunʼiy intellektda tahlil qilinib, oʻquvchi va pedagoglar uch guruhga ajratiladi, ruhiy qoʻllovga muhtoj deb topilganlarga mentor psixolog biriktiriladi.

Bunda ushbu tizim:

birinchi bosqichda - 2026/27 oʻquv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida;

ikkinchi bosqichda - 2027/28 oʻquv yilidan boshlab oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida joriy etiladi.

Tibbiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun davlat roʻyxatidan oʻtish majburiy boʻladi

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Hukumat qaroriga koʻra, 2030-yil 1-yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanish huquqi faqat muayyan mutaxassislik boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan shaxslarga 5 yil muddatga beriladi. Davlat roʻyxatidan oʻtmagan shaxsning tegishli mutaxassislik boʻyicha tibbiy yoki farmatsevtika kasbiy faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlanadi.

2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar xodimlar mutaxassisligi boʻyicha ixtiyoriy tartibda maxsus imtihon natijalariga koʻra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik ravishda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.

Ishsizlar uchun energotejamkor issiqxona majmualari barpo etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi 100 gektar maydonda energotejamkor issiqxonalar qurib, ularni tayyor holda tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda. Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va sotish ishlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtiriladi.

Loyihaga ishsiz va kambagʻal oilalarni jalb etishga alohida eʼtibor qaratildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 500 ta issiqxonada mahalliy oilalardan kamida 1 ming nafar kishi ish bilan taʼminlanadi. Limon koʻchatlari hosilga kirguniga qadar oraliq ekinlar yetishtirish orqali qoʻshimcha daromad olish mumkin boʻladi.

Baliqchi tajribasi asosida kelgusi yil hududlarda jami 200 gektar maydonda kambagʻal oila va ishsizlar uchun energotejamkor issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ikki mingta oilaning daromadini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.