Sebzor köçasidagi 21-DMTT oldida piyodalar uçun alohida yölak yöq. Ota-onalar farzandlarini boğçaga olib keliş va olib ketişda avtomobil harakatlanadigan yöldan yurişga majbur bölayotganini aytmoqda.

Aholining aytişiça, hududdagi binolar buzilib, maydon temir panjara bilan örab olinganidan keyin avval mavjud bölgan piyodalar yölagi yopilgan. Muammo bir neça yildan beri davom etmoqda. Bu yerda boğçadan taşqari maktablar va oliy taʼlim muassasasi ham joylaşgan. Şu bois yölakning yöqligi faqat boğçaga keladigan oilalarga emas, boşqa piyodalarga ham qiyinçilik tuğdirmoqda.

«Albatta, xavfli. Lekin qayerdan yurişim kerak? Trotuar bölmasa, şu yerdan yurişga majburman. Boşqa yöl yöq», - deydi mahalliy aholi vakili.

«Bolalarim şöx, yugurib ketib qolişidan qörqaman. Yomğir yoğganidan keyin bu yer loy bölib ketadi. Uçta bolani bir vaqtda olib ötiş juda qiyin. Ayrim haydovçilar tez ötib ketişadi, bola bormi yoki “kolyaska” bormi, qaraşmaydi. Şu yerda piyodalar yölagi bölsa, bolalarim bilan xavfsiz yurardim», - deydi farzandlarini boğçaga olib keladigan onalardan biri.

«Katta öğlimni ham maşina turtib ketgan. Velosipedda ketayotganida orqasidan maşina kelib urgan. Bu yerda bolalar köp yuradi, lekin piyodalar uçun yölak yöq. Har kuni bolalarimni olib ötganda xavotirdaman», - deydi mahalliy ota-onalardan biri.

«Bolalarni logopedga yoki sport tögaragiga olib boriş uçun köçaning narigi tomoniga ötişimiz kerak. Svetoforgaça boriş uçun ham aylanib yurişga töğri keladi, u yergaça esa trotuar yöq. Şu yerda piyodalar yölagi va xavfsiz ötiş joyi taşkil etilsa, yaxşi bölardi», - deydi suhbatdoşlardan biri.

Gap şundaki, bu yerdagi piyodalar yölagining yopilişiga sabab bölgan hudud «REAL QURILISH BUILDING» MÇJga tegişli. Quriliş işlari boşlanmagan bölsa-da, maydon temir panjara bilan örab qöyilgan. Natijada avval mavjud bölgan piyodalar yölagi yopilib, boğça bolalari, maktab öquvçilari va talabalar avtomobil harakatlanadigan yöldan yurişga majbur bölmoqda. Bu maʼlumot Quriliş va uy-joy kommunal xöjaligi sohasida nazorat qiliş inspeksiyasining fuqaro murojaatiga bergan javobida ham qayd etilgan.

Kun.uz muammoni joyida örganib, Şayxontohur tumani hokimligiga ham murojaat qildi. Jarayonga hokim örinbosari jalb qilinib, hududdagi vaziyat közdan keçirildi.

Hokim örinbosari Rasul Kuçkarov muammo quriliş işlari va hududning örab qöyilgani bilan boğliqligini aytdi. Uning sözlariga köra, bu yerda qurilişi töxtab qolgan elçixona obyekti bor. Hokimiyat vakili tösiqlarni suriş va hududni tozalaş orqali piyodalar uçun vaqtinçalik yölak taşkil etiş rejalaştirilayotganini bildirdi.

«Yeçim qila olamiz. Hozir mana, qurilişi töxtab turgan elçixonamiz bor, öşaning oldidagi “zabor”larni surib, tozalab, vaqtinça bölsa ham fuqarolarga yengillik yaratiş maqsadida standart ölçamdagi trotuar qilib beramiz. Buning uçun 15–20 kunça vaqt kerak böladi. Tayyorlaş işlari bor. Vaqtinçalik bölsa ham, qor-yomğirda odamlar xavfsiz yuradigan yölak böladi», - dedi Rasul Kuçkarov

Hokim örinbosari hudud renovatsiya maydoni ekanini ham qayd etib, tösiqlarni oçiş va suriş orqali aholi uçun yölak taşkil etişga harakat qilinişini aytdi. Murojaatlar masalasida esa Rasul Kuçkarov bu muammo böyiça rasmiy murojaat kelib tuşmaganini bildirdi.

Qiziği şundaki, aholi vakillari uşbu masala yuzasidan ikki marta murojaat qilganini aytmoqda. Qolaversa, ularning qölida aynan hokim örinbosari nomidan yuborilgan javob xati ham bor. Hokimiyat vakili 15–20 kun içida vaqtinçalik standart ölçamdagi trotuar taşkil etilişini va aholi xavfsizligi taʼminlanişini maʼlum qildi. Endi asosiy masala - vaʼda qilingan işlar belgilangan muddatda amalga oşirilişida.