Jamiyat | 14:29 / 23.07.2022
34683
5 daqiqa o‘qiladi

“Erishmaguncha maqsadimdan qaytmayman” - 14 yoshida AQShdagi tibbiyot universiteti bakalavriga aylangan o‘zbek qizi

Odatda xalqaro fan olimpiada qatnashchilari bitta fanni o‘qib-o‘rganadi. 14 yoshli Adiba esa 20dan ortiq xalqaro olimpiadalarda ingliz tili, matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlaridan qatnashib, sovrindor bo‘lib kelyapti. Qolaversa, u endigina 8-sinfni tugatgan bo‘lishiga qaramay, yaqinda AQShning Mary Baldwin tibbiyot oliygohida o‘qishga jo‘nab ketadi.

Foto: KUN.UZ

“Mikrofon qizlarda” loyihasining navbatdagi qahramoni Adiba Tojimirzayeva 2007 yilda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Adiba yaqinda Toshkent shahridagi prezident maktabining 8-sinfini tamomladi. U Harvardda o‘qishni, keyin O‘zbekiston tibbiyotiga robotlar va yuqori texnologiyalarni olib kirishni xohlaydi.

“IELTS'dan 8 oldim, lekin undan yuqorirog‘ini kutgandim”

— Onam – ingliz tili o‘qituvchisi. Shuning uchun ham bolalikdan uyimizda til o‘rganish muhiti bo‘lgan. Ingliz tili ikkinchi ona tilimga aylangan desam ham bo‘ladi. 5 yoshimdan shu til ichidaman. Harf taniganimdan beri shu tilda kitoblar o‘qiyman va ularning ma’nosini ingliz tilida onamga gapirib beraman. Til o‘rganish uchun birinchi navbatda kitob o‘qish kerak.

Badiiy kitoblar o‘qish orqali tilni his qilib, matndan so‘z ma’nolarini tushunish osonlashadi, o‘sha til so‘zlari, grammatikasi, gap qurilishlari ham o‘z-o‘zidan miyaga muhrlanib qolarkan. Shuning uchun ham IELTS imtihonidan ballim 8 chiqqan bo‘lsa kerak. Lekin bu balldan yuqorirog‘ini kutgandim.

“Onam qobiliyatimni sinash uchun turli to‘garaklarga bergan”

— Onam bizni qaysi sohada qobiliyatimiz borligini sinash uchun ko‘p to‘garaklarga berib ko‘rgan. Masalan, men suzish, tennis, raqsga qatnaganman. Tennis bo‘yicha respublika turnirida ikkinchi, suzishda esa birinchi o‘rinni egallaganman. Qo‘l urgan yo‘nalishlarimda muvaffaqiyatga erishganman, lekin tibbiyot sohasiga boshqacha qiziqaman.

Prezident maktabida 6-sinfdan o‘qiy boshlagan bo‘lsam, u yerda koreys tili o‘qituvchisidan koreys tilini ham o‘rgandim. Ungacha uyda opam va onamdan rus tilini, Namanganda nemis tili kursiga qatnab, nemis tilini o‘rgangandim. Bu tillarni tushunish va gaplasha olish darajasida bilaman.

Xalqaro fan olimpiadalardagi ishtiroki

— Ilk marta matematikadan 5-sinfda o‘qiganimda xalqaro olimpiadaga qatnashganman va oltin medal olganman. Shundan keyin qiziqishim ortib, boshqa fanlardan ham fan olimpiadalarida ishtirok eta boshladim. Hozirgacha ingliz tili, matematika, kimyo, fizika va biologiya fanlari bo‘yicha 25ta olimpiadaga qatnashganman va ularning hammasidan o‘rin oldim. AMO (American Mathematics Olympiad), ESB (Eurasian Spelling Bee), WWC (Writing World Cup), OTEC (Online Typing English Competition) kabilardan oltin medal berishgan.

Asosiy yo‘nalishim kimyo va bilogiya fanlari, qolgan fanlarni hobbi sifatida o‘rganib yuraman. Kichikligimdan shifokor bo‘lishni orzu qilganman va hozir ham shu fikrdaman. Kelajakda neyrojarroh bo‘lishni xohlayman. Xorijiy universitetlarga ham tibbiyot yo‘nalishiga topshirdim.

Maktabni bitirmasdanoq oliygohga topshirgani sababi

— Men 8-sinfdaligimda o‘zimning sohamga oid kimyo, matematika fanlarining 11-sinfgacha dasturini o‘qib tugatdim. Yana ularga 3 yil vaqt sarflashni xohlamadim. Shuning uchun meni qabul qiladigan oliygohlarni topib, ularga hujjat topshirib ko‘rdim.

Ular orasidan Mary Baldwin'ni tanladim, chunki bu mendagi variantlar orasida AQShdagi yagona dastur. 13-16 yoshdan qizlarga 40dan ortiq yo‘nalishlarda bakalavr darajasini beradi. Universitet 21 ming dollar grant ajratgan. Bu yerda 7 kun, 24 soat talabalar universitet nazoratida bo‘ladi.

“Dunyo tibbiyoti rivojiga mening ham hissam qo‘shilsa deyman”

— AQShda bakalavrni bitirganimdan keyin, magistraturasini Harvard universitetida o‘qishni xohlayman. Bu mening eng katta orzum. Qolaversa, hozir ko‘p kasalliklar rivojlanyapti. Kovid va shunga o‘xshash viruslar. Men kelajakda shularni sun’iy ong, robotlar orqali davolamoqchiman.

Dunyo tibbiyotiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Shu qatorda O‘zbekiston tibbiyotiga robotlar va texnologiyani olib kirmoqchiman.

Asosiy motivatsiyasi

Bolaligimdan onam men uchun qilgan harakatlarini ko‘rib turibman. Ham ruhan, ham iqtisodiy jihatdan meni qo‘llab turibdi. Men shu harakatlarni oqlashim kerak, deb hisoblayman. Meni asosiy ruhlantiruvchi narsa shu.

Doim olg‘a yurish va orzulariga erishishga harakat qilaman. Men hech qachon maqsadimdan voz kechmaganman. Agar biror muvaffaqiyatsizlikka duch kelsam, buni to‘g‘rilashga harakat qilaman. Erishmaguncha maqsadimdan qaytmayman.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid