Rossiya-Ukraina urushi
Rossiya parlament saylovlarining soʻnggi kunida eng yirik dron hujumlaridan biriga uchradi.
Moskva meri Sergey Sobyanin shanbadan buyon Rossiya kuchlari 1600 dan ortiq dronni, jumladan, Moskvaga yoʻnaltirilgan 450 ta dronni urib tushirganini maʼlum qildi.
«Ushbu misli koʻrilmagan hujum, shubhasiz, saylovlarni buzish maqsadida rejalashtirilgan edi. Dushman bunga erisha olmadi», dedi u. Uning soʻzlariga koʻra, bir nechta dron neftni qayta ishlash zavodi hududigacha yetib borgan va bittasi koʻp qavatli turar joy binosiga urilgan.
Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobyovning maʼlum qilishicha, erta tongdagi hujumlar oqibatida uch kishi halok boʻlgan.
Shuningdek, hujum oqibatida Moskva neftni qayta ishlash zavodi hududidagi inshootga zarar yetgan. Lekin rasmiylar bu haqda batafsil maʼlumot bermadi.
Reutersʼga koʻra, Ukraina zarbalari Rossiya neftni qayta ishlash quvvatlarining salmoqli qismini ishdan chiqardi. Natijada Rossiyaning koʻplab hududlarida neft mahsulotlari taqchilligi, yoqilgʻi narxining oshishi va uzun navbatlar yuzaga kelgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Moskva viloyatidagi «neft sanoatining asosiy korxonasi va logistika obyekti»ga berilgan zarbalarni tasdiqladi. Shuningdek, Zelenskiy Rossiyaga qarshi «Pelikan» (FP-7) taktik raketasi birinchi bor qoʻllanganini taʼkidladi.
Rossiya hududiga tez orada raketa zarbalari berilishini oldinroq Ukrainaning xususiy mudofaa kompaniyasi Fire Point eʼlon qilgandi. Bu zavod Ukrainaning asosiy raketa ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.
Oʻz navbatida Rossiya ham 20-sentabrga oʻtar kechasi Ukraina hududiga 138 ta dron bilan ommaviy zarbalar berdi. Yakshanba tongiga qadar havo hujumidan mudofaa tizimlari Rossiyaning 101 ta dronini urib tushirgan. 17 ta dron nishonlarga kelib urilgan. Yana 5 ta joyda esa ularning qoldiqlari qulagan.
Kiev viloyati rasmiylariga koʻra, hududda 5 kishi halok boʻlgan. Shuningdek, xususiy turar joy binolari va bitta taʼlim muassasasiga zarar yetgan.
BMT haftaligi boshlandi
Shu haftada jahon yetakchilari BMT Bosh assambleyasida nutq qilish uchun Nyu Yorkda toʻplanmoqda. Ikkinchi jahon urushidan keyingi xalqaro tartib jiddiy bosim ostida qolgan, BMTning oʻzi esa nufuzi uchun kurashayotgan bir sharoitda 130 ga yaqin davlat rahbari bir joyga jam boʻladi.
















