16:16 / 04.12.2015
26988

Erkin Komilov Gulchehra Eshonqulova va Adiz Rajabovni soatlab kutishga majbur bo‘lganini aytib berdi

O‘zbekiston Xalq artisti Erkin Komilov "Darakchi" gazetasiga bergan navbatdagi intervyusida ko‘plab yosh aktyor va aktrisalarni, muxlislarni tanimay qolgan “yulduz”larni, shuningdek, hozirda suratga olinayotgan “xontaxta”larni keskin tanqid ostiga oldi.

Ustoz san'atkorning ta'kidlashicha, hozirgi yosh ijodkorlar s'yomka maydoniga istagan paytlarida kirib kelaveradilar, aniq grafik bo‘yicha ishlay olmaydilar.
“Rejissyor Ibrohim Rasulov mas'uliyatsiz yosh aktyorlarni deb bir yarim yildan buyon “Ishq va anduh og‘ushida” nomli filmini yakunlay olmayapti”, - dedi Komilov.

“Ibrohim aktyorlarni Chinobod sanatoriyasiga soat 10:00ga chaqirgandi, - so‘zida davom etdi u. – Ikki soat aktyor Umid Iskandarovni kutdim, oxiri mashinaga o‘tirib ketayotganimda pista chaqib kelayotganiga ko‘zim tushib qoldi. Mashinadan tushdim, o‘zidan katta san'atkorni kuttirish qanday bo‘lishini o‘zi bilib oldi”.

Erkin Komilovning aytishicha, boshqa yosh aktyorlar ham “mas'uliyat” borasida Iskandarovdan qolishmaydi:
“Gulchehra Eshonqulovani ham soatlab kutish “baxtiga muyassar” bo‘lganman. Bu aktrisaga ham ish va o‘zidan katta aktyorlarga bo‘lgan munosabatiga yarasha muomala qilganman. Men betakrorman, qabilida ish tutish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.

Bugungi kunda istagan vaqtda suratga olish maydonchasiga borish yosh aktyorlarga tekkan kassalik, shekilli. Rejissyor Hamid Qahramonovning bir filmida suratga tushayotgandim. Suratga olish madonchasida Adiz Rajabov degan aktyorni ikki soatdan oshiq poyladim. Rejissyor ham qo‘ng‘iroq qilganida “mana yetib keldim”, deydi. Bu aktyorlar mahoratiga emas, qosh-ko‘ziga ishonishi turgan gap”.

San'atkorning fikricha, ishga mana shunday yondashuvi, bundan tashqari, rollarni tanlamay ijro qilishi boisidan bunday aktyorlarning nomi qisqa vaqtda yo‘q bo‘lib ketadi.
“Drama aktyorlari har kuni pesa, asar o‘qiydi. Kino aktyorlaridan oxirgi marta qaysi kitobni o‘qiding, deb so‘rab ko‘ringchi? Mana shunday yosh aktyorlar ikkita filmda ko‘rinib, yulduz bo‘lib olishadi. Rejissyorlar ularni “filmimda falonchi o‘ynayapti”, deb ko‘klarga ko‘tarishadi. Ular “yulduz” bo‘lsa, O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov, To‘ti Yusupova, Rixsi Ibrohimova, Yayra Abdullayeva, Gulchehra Jamilovalar kim? “Yulduz”larimizning ijodiy faoliyati to‘g‘risida ko‘rsatuv tayyorlab, hamma o‘ynagan rollaridan parchalar kesib, ketma-ket ko‘rsatilsa, bitta film ko‘rayotgandek bo‘lasiz. Rollarida xarakter, yuk yo‘q. O‘zbekiston xalq artisti Shukur Burxonov “rolni chertib-chertib tanlab, undan xarakter topa bilsanggina o‘ynagin. Yo‘qsa xalqning me'dasiga tegib, nazaridan qolasan”, derdi. Naqadar haq gap! Bir paytlar katta ekranda yoqimtoylar safidan tushmagan aktyor-aktrisalarimiz bugun kamnamoligining sababi shunda. Dazmol yoqqandayam o‘shalar chiqaverganidan keyin tomoshabin ularni qabul qilmay qo‘ydi”.

San'atkorning fikricha, bunday illat nafaqat yoshlarga, balki o‘rta yoshdagi aktyorlarda ham namoyon bo‘lmoqda:
“O‘rta yoshdagi aktyor-aktrisalarimiz ham bu ro‘yxatdan mustasno emas. “Istiqlol” san'at saroyining ro‘parasida bir qoraqalpoq filmini suratga olayotganimizda uch-to‘rt onaxon oldimga kelib, “Sizga iltimosimiz bor edi. Murod Rajabov, Ra'no Yarasheva, Adiz Rajabov, Alisher Uzoqov kinoda rol o‘ynamasin, gapimizni yetkazib qo‘ying”, deyishdi... Filmdan filmga ko‘chib yuradigan hamkasblarim tomoshabinga past nazar bilan qaraydi, ularning fojiasi shunda”.

Top