Prezident Şavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga taşrifi doirasida yangi investitsiya loyihalarini işga tuşiriş va ularning qurilişiga start beriş marosimida iştirok etdi.

«Sönggi yillarda hududda tadbirkorlik va investitsiyalar uçun yaratilayotgan qulay şaroitlar sanoat tarmoqlarini rivojlantiriş, yangi işlab çiqariş quvvatlarini taşkil etiş va aholi bandligini taʼminlaşga xizmat qilmoqda.

Marosimda umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar bölgan 206 ta loyiha qamrab olindi. Şundan 2 milliard 50 million dollarlik 98 ta loyiha işga tuşirildi, 7 milliard 350 million dollarlik 108 ta loyihaning qurilişi boşlandi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Uşbu loyihalar energetika, quriliş, töqimaçilik, maşinasozlik, taʼlim, turizm, logistika, farmatsevtika va soğliqni saqlaş kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Ular viloyatning barça 16 ta şahar va tumanida amalga oşiriladi.

Xususan, paxta-töqimaçilik klasteri, elektr energiyasini saqlaş va taqsimlaş tizimi, mebelsozlik va çarm-poyabzal sanoat zonalari, elektr avtobuslar, quyoş panellari va mikrogidroenergetika uskunalari işlab çiqariş, şuningdek, zamonaviy taʼlim va tibbiyot markazlari faoliyati yölga qöyilmoqda.

Yangi loyihalar doirasida zamonaviy turar joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektr stansiyasi, çiqindilarni qayta işlaş orqali elektr energiyasi işlab çiqariş korxonasi, transport vositalari va yuk vagonlari işlab çiqariş quvvatlarini barpo etiş közda tutilgan.

Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQŞ, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Birlaşgan Arab Amirliklari va Tojikiston kompaniyalari hamda mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oşirilmoqda.

photo_2026-09-23_13-42-31 (2)

Ularning röyobga çiqarilişi natijasida 45 mingdan ziyod yangi iş örni yaratiladi, yiliga 60,6 trillion sömlik mahsulot işlab çiqariş va 533 million dollarlik eksport imkoniyati şakllanadi.

photo_2026-09-23_13-42-32 (2)
photo_2026-09-23_13-42-32 (3)