Kun.uz «Telecom Soft» MCHJ yoʻl harakati qoidalarini avtomatik nazorat qilish tizimlari uchun uskunalar xarid qilish boʻyicha tender oʻtkazgani haqida xabar bergandi. Loyihaning boshlangʻich narxi 10 mlrd 316 mln soʻmni tashkil etgan. Tanlovda Xitoyning «HAC Smart Technologies» kompaniyasi 657 ming dollar taklifi bilan gʻolib deb topilgandi. Ikkinchi ishtirokchi -«HMN Smart» esa 698 ming dollar narx bilan zaxira gʻolibi sifatida qayd etilgan. Yuqorida nomi keltirilgan ikki kompaniya bosh ofisi bir manzilda joylashgan, sayt menyulari, xizmat koʻrsatish boʻlimlari va loyihalar portfoliosi ham deyarli bir xil.

«Telecom Soft» MChJning Kun.uz bergan rasmiy izohiga koʻra, yuqoridagi tanlov atroflicha oʻrganib chiqilgan va ishtirokchilar oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik (affillanganlik) hamda muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish alomatlari mavjudligini inobatga olinib, Xarid komissiyasi tomonidan tender bekor qilindi.

«Telecom Soft MCHJ davlat xaridlarini qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etgan holda, shaffoflik, xolislik va adolatli raqobat tamoyillari asosida amalga oshirishga ustuvor ahamiyat qaratadi», deyiladi rasmiy izohda.