Iqtisodiyot | 10:55 / 10.10.2023
24363
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Rossiyadan gaz sotib olish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar muhokamasini boshlagan

7 oktyabrdan O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini boshladi. “UzGasTrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasidagi tijoriy shartnoma 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, yiliga qariyb 2 milliard 800 million kubmetr tabiiy gaz xarid qilishni nazarda tutadi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni “Gazprom” bilan o‘rta va uzoq muddatli shartnoma muhokamasini ham boshlab yuborgan.

Foto: Videodan kadr

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiyadan amalga oshiriladigan gaz importi bo‘yicha ma’lumot berdi.

“Albatta, bu tarixiy sana. Chunki shu paytgacha biz hozir turgan joyimizdan Rossiya tarafga faqat gaz yetkazib berilgan. Qisqa vaqt ichida birinchi marta gaz o‘lchash qurilmasi qurilib, noldan ishga tushirildi. Mana, bugundan Rossiyadan gazni qabul qilishni boshladik. Uzoq muddatli hamkorlik doirasida Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berish O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi, aholi va energiya resurslariga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda kuz-qish mavsumida gaz defitsitining bir qismini ta’minlab beradi. Prezidentimizning rasmiy tashriflari doirasida “Gazprom” bilan o‘rta va uzoq muddatli shartnoma muhokamasini ham boshladik”, degan Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston” 24 telekanaliga bergan intervyusida.

Avvalroq, O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini boshlayotgani xabar qilingandi. Gaz uzatish O‘rta Osiyo – Markaz magistral quvurlari tarmog‘i orqali teskari tartibda yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tarmoq orqali keladigan Rossiya gazining bir qismi Qozog‘istonning Shimoliy hududlariga, asosiy qismi esa O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.

“UzGasTrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasidagi tijoriy shartnoma 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, uning doirasida kuniga 9 mln kubmetr, yiliga qariyb 2 milliard 800 million kubmetr tabiiy gaz xarid qilinishi kelishilgan.

Mavzuga oid