Özbekistonda quriliş inspeksiyasi ruxsatnomasisiz köp kvartirali uylarni qurganlik uçun javobgarlik kuçaytirilmoqda. Bu prezident 28-sentabr kuni imzolagan qonunda nazarda tutilgan. Bu haqda Adliya vazirlig matbuot xizmati xabar berdi.

«Litsenziyalaş, ruxsat beriş va xabardor qiliş tartib-taomillari töğrisida»gi qonunga kiritilgan özgarişlarga köra, quriliş-montaj işlarini boşlaş uçun Quriliş va uy-joy kommunal xöjaligi sohasida nazorat qiliş hududiy inspeksiyasidan ruxsat oliş talab etiladi.

Inspeksiya ruxsatnomasisiz köp kvartirali uylarni qurganlik uçun fuqarolarga BHMning 400 baravari (176 million söm), mansabdor şaxslarga esa 450 baravari (198 million söm) miqdorida jarima belgilanadi. Jinoyat kodeksiga inspeksiya ruxsatnomasisiz köp kvartirali uylarni quriş maʼmuriy jazo qöllangandan keyin takror sodir etilsa, 3 yildan 5 yilgaça ozodlikdan mahrum qiliş jazosi kiritilmoqda.

Bundan taşqari, şaharsozlik töğrisidagi qonunçilikni buziş inson ölimiga yoki boşqa oğir oqibatlarga olib kelsa, beş yildan yetti yilgaça ozodlikdan mahrum qiliş bilan jazolanadi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingandan keyin uç oy ötgaç (2026-yil dekabr oyi oxirida) kuçga kiradi.

Quriliş inspeksiyasi vakolatlari

Qonun bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Quriliş va uy-joy kommunal xöjaligi sohasida nazorat qiliş inspeksiyasining seysmik xavfsizlik sohasidagi vakolatlari ham aniqlaştirilmoqda.

Xususan, idora qurilayotgan bino va inşootlarning seysmik xavfsizlikka oid texnik tartibga soliş sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qiladi.

Şuningdek, inspeksiya elektron texpasportlar asosida bino va inşootlarni seysmik zaiflik darajasi böyiça klassifikatsiya qilişda, ularni instrumental-texnik tekşiruvdan ötkaziş va seysmik barqarorlikni oşiriş işlarida iştirok etadi.

Seysmik faol zonalarda qurilişi rejalaştirilgan va inspeksiya nazorat obyektiga kiradigan barça turdagi bino va inşootlar, şuningdek, köp qavatli turar joylar uçun elektron texpasportlar şakllantiriladi. Ularda obyektlarning seysmik zaifligini baholaş uçun zarur maʼlumotlar bölişi şart.

Bundan taşqari, inspeksiya qurilayotgan bino va inşootlarning seysmik barqarorligini taʼminlaş hamda mavjud obyektlar barqarorligini oşiriş çoralarini körişi lozim.