Bolangiz tengdoshlari tomonidan ruhiy bosimga uchrayotgan bo‘lsa, gij-gijlash, jismoniy zo‘ravonlikka duch kelsa, qanday yo‘l tutgan ma'qul? Nega o‘smirlar bir-birlariga nisbatan shafqatsizlik qiladilar, oilada, o‘quv muassasalarida, yoshlar markazlarida, boringki davlat miqyosida bunga qarshi qanday kurashish mumkin? Kommersant.uz masalaga oydinlik kiritishga urinib ko‘rdi.

May oyida Toshkent shahrida bir o‘smirning tan jarohatlaridan vafot topgani voqeasi jamiyatda chuqur muammolar mavjudligini namoyon etdi. Jumladan, o‘smirlar o‘rtasidagi jismoniy tajovuzkorlik hamda maktablar, kollej va litseylardagi tengdoshlararo ziddiyatlar anchayin xavfli va nazoratga olinishi zarur bo‘lgan hodisa ekanligini ota-onalar ham anglab yetdilar.

O‘smirlar tajovuzkorligi sababi nimada?

Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji psixolog-pedagogi Sayyora O‘rinboyeva:

“Tajovuzkorlik – bu yoshlarning o‘zini himoya qilishidir. Bu yo‘l bilan ular o‘smirlik chog‘ida shakllanuvchi o‘z “men”ini himoya qiladi. Shuningdek, tengdoshlar o‘rtasida yetakchilik uchun kurash yuzaga keladi. Salbiy ruhiyatga ega o‘quvchi jamoada eng “zo‘r” bo‘lishga intiladi. Sinf rahbari guruh yoki sinfdagi muhitni ziyraklik bilan payqashi va yetakchilikka intilishni to‘g‘ri o‘zanga yo‘llashi lozim. Bundan tashqari, ota-onalar tomonidan tushunish va qo‘llab-quvvatlash ham o‘ta muhim. Agar bu yetarli darajada bo‘lmasa, bolalar yomon xulq-atvor bilan o‘zlariga e'tibor jalb qila boshlaydilar”.

260- o‘rta maktab psixologi Lyudmila Mayorova:

“Ko‘pchiliklashib do‘pposlashgacha boradigan shafqatsizlik holatlarining sababi tushunarli, aniq va odatiy. Jasur Ibragimov ishi haqidagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlarni o‘rgansak, ko‘ramizki, bir qancha talabalar intizom qoidalarini bir necha marta buzganlar va jismoniy kuch ishlatganlar. Bu yerda ota-onalarning munosabati juda muhim. O‘zining aloqalaridan foydalanib, bolaning oldini olish, uni qilmishiga yarasha munosib jazodan saqlab qolish mumkin emas. Bu oila, jumladan bola uchun katta kulfat keltiradi. U bolaligidanoq o‘zini jazosiz qolishini bilib katta bo‘ladi, xulq-atvor qoidalarini qabul qilmaydi, do‘stlariga, o‘qituvchilarga hurmat nimaligini tushunmaydi. Ota-onasi uning barcha muammolarini hal qilib berishini biladi. Har narsa mumkinligi bolani va uning ruhiyatini barbod qiladi.