16:18 / 01.12.2018
10766
Milliy gvardiya Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida o‘qish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san'at akademik litseyini O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar akademik litseyning asosiy vazifalari etib belgilandi:

umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus ta'limning davlat ta'lim standartlari talablariga muvofiq sifatli o‘qitishni tashkil etish;

umumiy musiqa bo‘yicha bilimlarning boshlang‘ich asoslarini o‘rgatish hamda damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi yo‘nalishida yetuk kadrlarni tayyorlash;

o‘quvchilarning ma'naviy va estetik rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish;

o‘quvchilarning iste'dodini va madaniy saviyasini har tomonlama yuksaltirish;

milliy va jahon musiqasining yuksak namunalaridan va o‘zbek xalqining mumtoz musiqa merosi durdonalaridan o‘quvchilarning bahramand bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratish.

Belgilanishicha:

a) akademik litseyda:

“Damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi” ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha ta'lim beriladi;

musiqa ta'limi va o‘quv jarayonining uzluksizligini ta'minlash maqsadida istisno tariqasida, mavjud umumiy o‘rta ta'lim sinflari saqlab qolinadi;

o‘qitish umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus ta'limning davlat talim standartlarining o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi;

har yilgi qabul kvotasi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 4-sinfini bitirgan 78 nafar o‘quvchini tashkil etadi;

b) akademik litsey faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, moliyalashtirish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi;

v) o‘quv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga metodik yordam ko‘rsatish, darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar, multimedia ilovalari, sinf jurnallari, o‘quvchilarning reyting daftarchalari va boshqa hujjatlar bilan ta'minlash, shuningdek, pedagog kadrlar malakasini oshirishni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

g) akademik litseyni saqlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga o‘quvchilarni tanlab olish, o‘qishga qabul qilish va o‘qishdan chetlatish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, nomzodlarning (maktab 4-sinfi bitiruvchilarining) hujjatlari 1-20 iyun kunlari qabul qilinadi.

Qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: ota-onaning arizasi; ota-ona tomonidan to‘ldirilgan so‘rovnoma; tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi; 086-U shakl bo‘yicha tibbiy ma'lumotnoma; nomzodning tibbiy daftarchasi; 6 dona 3x4 smli rangli fotosurat; baholar tabelining nusxasi; ota-onaning pasportlari nusxalari.

Kirish imtihonlari ona tili (diktant), matematika (nazorat ishi), o‘qish, psixologik sinov (test), ijodiy imtihon (musiqa) doirasida 100 ballik tizimda 20-30 iyun kunlari o‘tkaziladi.

Shuningdek, nizomga ko‘ra o‘quvchi quyidagi sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlatiladi: sog‘lig‘i tufayli; o‘quvchining ota-onasi tashabbusiga ko‘ra; fanlarni o‘zlashtirmaslik, birinchi yoki ikkinchi yarim yillikda (76 soat) uzrli sabablarsiz darsda qatnashmaslik; ichki tartib qoidalarini qo‘pol buzish.

Top