Toshkentda Oʻzbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Zafarobod tumani hokimi Gʻayratjon Eshpoʻlatov ogʻir yoʻl-transport hodisasiga uchradi. Fuqaroga boshqa davlatdagi mashinasini vaqtincha olib kelishga ruxsat beriladi. Bojsiz normadan ortiq qiymatda tovar olib kirish arzonlashadi. 10 ming dollargacha naqd valyutani deklaratsiyasiz olib chiqish mumkin boʻladi. Andijondagi «Gʻamxoʻrlik» markazida nogironligi boʻlgan bolalar kaltaklandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Birinchi prezident xotirasi yod etildi
Toshkentda 2-sentabr kuni Oʻzbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida birinchi prezident haykali poyiga gulchambar qoʻydi. Marosimda Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi. Islom Karimovning mamlakat mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, xalq farovonligini yuksaltirish yoʻlidagi xizmatlari yodga olindi.
Oliy Majlis palatalari, Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham birinchi prezident haykali poyiga gullar qoʻydi. Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham boʻlib oʻtdi.
Zafarobod tumani hokimi «avariya»ga uchradi
30-avgust kuni Jizzax viloyati, Zafarobod tumani hokimi Gʻayratjon Eshpoʻlatov KIA Seltos rusumli xizmat avtomobilida yoʻl-transport hodisasiga uchradi. Hokim boshqaruvidagi avtomobil “MAZ” rusumli, 10 E 136 SA davlat raqam belgili yuk mashinasiga urilgani maʼlum boʻldi.
Manbaga koʻra, tan jarohatlari olgan ota-bola dastlab Zafarobod tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ammo ularning ahvoli ogʻir boʻlgani bois tez yordam mashinasida Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazining Jizzax shahridagi filialiga olib ketilgan.
Gʻayratjon Eshpoʻlatovga ikki tomonlama oʻpka toʻqimasi lat yeyishi, oʻng son suyagi yukori uchligidan yopiq sinib siljishi, chap katta boldir suyagi yuqori uchligidan boʻgʻim ichi boʻylab yopiq sinishi, sidirilgan jarohatlar va miya komasi tashxisi qoʻyilgan.
Hokim bilan birga uning avtomobil ichida boʻlgan oʻgʻli ham turli darajada tan jarohatlari olgan.
Dastlabki maʼlumotda avtomobil rulida hokimning oʻgʻli boʻlgani aytilgandi. Ammo tuman hokimligi bayonotida rul boshqaruvida tuman hokimining oʻzi boʻlgani aytilgan.
Holat yuzasidan Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani maʼlum qilindi.
Maʼlumot uchun, Gʻayratjon Eshpoʻlatov 2024-yil 5-martidan beri Zafarobod tumani hokimi lavozimini egallab kelmoqda. U bunga qadar Paxtakor tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari boʻlgan.
Fuqaroga boshqa davlatdagi mashinasini vaqtincha olib kelishga ruxsat beriladi
Fuqaroning xorijiy davlatda roʻyxatdan oʻtkazilgan transport vositasini notijorat maqsadda Oʻzbekistonga vaqtincha olib kirishi mumkin boʻladi. Buning uchun bojxona toʻlovi undiriladi.
27-avgust kuni imzolangan prezident farmoni bilan, 2027-yil dekabr oyiga qadar bu haqdagi qonun loyihasi ishlab chiqiladigan boʻldi.
Bundan tashqari, 2027-yil iyun oyiga qadar jismoniy shaxs uchun bojxona organlari tomonidan qoʻllangan jarima solish haqidagi qaror bilan tanishish, jarimani imtiyozli toʻlash muddatidan xabardor boʻlish, ular yuzasidan toʻlovni amalga oshirish jarayoni «Customs fine» mobil ilovasi orqali raqamlashtiriladi.
Bojsiz normadan ortiq qiymatda tovar olib kirish arzonlashadi
2027-yil 1-yanvardan eʼtiboran jismoniy shaxs tomonidan notijorat maqsadda xorijdan olib kiriladigan tovarga nisbatan yagona bojxona toʻlovi pasaytiriladi. Hozir bu toʻlov tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogramm uchun 3 AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorni tashkil etadi.
27-avgust kuni imzolangan prezident qaroriga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan eʼtiboran yagona bojxona toʻlovi stavkasi pasaytirilib, tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz, lekin har bir kilogrammi uchun 2 AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-iyundan eʼtiboran jismoniy shaxs notijorat maqsadda olib kiradigan tovarlar boʻyicha yagona bojxona toʻlovi toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona yigʻimlaridan kam boʻlsa, ushbu yigʻimlar undirilmaydi.
10 ming dollargacha naqd valyutani deklaratsiyasiz olib chiqish mumkin boʻladi
Jismoniy shaxs tomonidan naqd valyutani respublika hududidan olib chiqish meyori 10 ming dollar ekvivalentida belgilanadi. Faqat shu miqdordan oshgandagina deklaratsiyalash talab etiladi. 27-avgust kuni imzolangan prezident farmoniga binoan, yil oxirigacha bu haqdagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak.
Maʼlumot uchun, amaldagi meyor 100 mln soʻm ekvivalentini tashkil etadi. 2020-yil 1-sentabrgacha bu meyor 2 ming dollar ekvivalentiga teng edi.
Andijondagi «Gʻamxoʻrlik» markazida nogironligi boʻlgan bolalar kaltaklandi
Andijon viloyati, Qoʻrgʻontepa tumanidagi nogironligi boʻlgan bolalar uchun «Gʻamxoʻrlik» markazida tarbiyalanuvchilarga jismoniy zoʻravonlik qilingan va stolga bogʻlab qoʻyilgan. Kun.uz'ga kelib tushgan videolarda nogironligi boʻlgan bolalarga nisbatan ayovsiz munosabat qilingani, kaltaklangani aks etgan.
Tarbiyachilar qoʻlida kaltak bilan bolalarni nazorat qilgan. Erkak xodim bolalardan birini uloqtirib yuborgani koʻrinadi. Videolardan birida bola tarbiyachining yelkalarini uqalayotgani ham koʻrinadi. Bolalar majburan bogʻlab qoʻyilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni tasdiqladi va rasmiy munosabat bildirdi. Agentlikning hududiy boshqarmasi oʻtkazgan oʻrganish natijalariga koʻra, videolarda aks etgan 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshira egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. Munosabatda bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik holatlariga huquqiy baho berilgani, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallar yuborilgani yoki jinoyat alomatlari boʻyicha tekshiruv boshlangani haqida maʼlumot keltirilmagan.






