Mustaqillik bayrami arafasida 852 nafar mahkum afv etildi
Prezident Şavkat Mirziyoyev Özbekiston Mustaqilligining 35 yilligi şarafiga afv töğrisidagi farmonni imzoladi.
Unga köra, qilmişidan puşaymon bölgan va tuzaliş yöliga ötgan 852 nafar jazoni ötayotgan şaxs afv etilgan.
Ulardan 604 nafari qamoqdan töliq ozod qilinmoqda, 115 nafari şartli ravişda ozod qilinmoqda. 52 kişining jazo muddati yengillaştirilgan, 81 kişining qamoq muddati qisqartirilgan.
Qayd etilişiça, 2017-yildan beri prezident Şavkat Mirziyoyev imzolagan 31 ta farmon asosida jami 10 567 nafar mahkum şaxs afv etilgan.
Urganç–Xiva pulli yöli loyihasi 30 mln dollarga qimmatladi
Özbekistonda qurilgan birinçi pulli yöl – 35 kilometrlik Urganç–Xiva trassasi qiymati 150 mln dollarni taşkil etdi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimining birinçi örinbosari Anvar Davletov maʼlum qildi.
Şu yil fevral oyida – uşbu yöl qurilişi boşlangan paytda rasmiylar loyihaning umumiy qiymati 120 mln dollar ekanini maʼlum qilgandi. Endi esa, loyihalaş bilan parallel ravişda olib borilgan quriliş işlari davomida qiymat 25 foizga oşgani oydinlaşdi.
Loyiha buyurtmaçisi – Avtomobil yöllari qömitasi huzuridagi direksiya bölib, pudrat işlarini ham qömita tasarrufidagi taşkilotlar bajardi. Loyihaning moliyalaş manbalari oçiqlanmagan.
Toşkent şahridagi oliygohlarda dars soat 8:00 da boşlanadi
Yangi öquv yilidan boşlab, Toşkent şahrida joylaşgan oliy taʼlim taşkilotlarida birinçi smenadagi öquv maşğulotlari soat 8:00 da boşlanadi.
Oliy taʼlim vazirligining maʼlum qilişiça, bu tartib – poytaxtda ertalabki va keçki tiğiz vaqtlarda yöllardagi yuklamani kamaytirişga qaratilgan.
«Mazkur tartib kunduzgi va keçki taʼlim şaklida tahsil olayotgan talabalar uçun öquv kunini töğri rejalaştiriş, maşğulotlar va boşqa öquv faoliyati uçun vaqt imkoniyatlarini kengaytirişga xizmat qiladi.
Yangi öquv yiliga tayyorgarlik jarayonida Toşkent şahridagi oliy taʼlim taşkilotlari rahbarlari, professor-öqituvçilar, pedagoglar hamda talabalar mazkur tartibni inobatga olişlari söraladi», – deyiladi vazirlik xabarida.
Qoraqalpoğistonda 5 mlrd dollarga mayning va data markaz qurilişi boşlandi
Qoraqalpoğistonda umumiy qiymati 5,11 milliard dollar bölgan uçta mayning va uçta data markaz qurilmoqda. Bu haqda Qoraqalpoğiston Jöqorği Kengesi raisi Amanbay Örinbayev Şavkat Mirziyoyev iştirokida yangi obyektlarni foydalanişga topşiriş marosimida maʼlum qildi.
Qoraqalpoğistonda mayning uçun maxsus zona taşkil etilişi prezident qarorida belgilangandi. Data markazlar uçun yaratilgan maxsus zonada investorlar 2040-yilgaça barça turdagi soliq va bojlardan ozod qilingan.
Marosimda, şuningdek, 260 million dollarlik «Nukus-2» şamol elektr stansiyasi ham foydalanişga topşirildi. Ötgan yili esa hududda 107 million dollarlik «Nukus-1» loyihasi işga tuşirilgan edi.
Qaşqadaryodagi Boburtepa yodgorligida noyob devoriy surat aniqlandi
Qaşqadaryo viloyati, Qamaşi tumanidagi Boburtepa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan qazişmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari va noyob devoriy surat namunasi topildi. Dastlabki xulosalarga köra, inşoot milodiy IV–V asrlarda ibodatxona vazifasini bajargan bölişi mumkin.
Arxeologik tadqiqotlar davomida qadimiy inşoot xonalaridan birining ğarbiy devorida gil suvoq ustiga işlangan lola va oq gullar tasviri aniqlangan.
Gul tasvirlari qizil rangdagi ingiçka tölqinsimon çiziqlar bilan uyğunlaştirilgan. Keyingi davrda esa uşbu devoriy surat ustidan oq ohakli suvoq qatlami tortilgani maʼlum bölgan.
Topilma nafaqat badiiy jihatdan, balki Boburtepadagi qadimiy inşootning vazifasini aniqlaş nuqtayi nazaridan ham ahamiyatli hisoblanadi.
















