Prezident SSSR davrida qatagʻon qilinganlar nomini oqlash davom etishini aytdi
Shavkat Mirziyoyev Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni arafasida Shahidlar xiyobonida boʻldi. Vatan fidoyilari haqiga Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi. 1983-1990 yillarda «paxta ishi», «oʻzbek ishi» degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatagʻonga uchragan vatandoshlar nomini oqlash va tarixiy adolatni tiklash borasidagi ezgu ishlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.
«Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz. 35 yildan buyon hech kimga qaram boʻlmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulugʻ kunlarda istiqlol va ozodlik yoʻlida halok boʻlgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari fidoyi ajdodlar qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha maʼnaviy kuch manbayi boʻlib qolishini taʼkidladi.
1-sentabrda uzoq kutilgan salqinlik kirib keladi
Oʻzbekistonning shimoli-gʻarbiy hududlarida avgust oyining soʻnggi kunlarida salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi va 31-avgustga kelib kunduzgi harorat 25-30 darajagacha pasayadi. 1-sentabr kuni nisbatan salqin havo massalari Oʻzbekistonning barcha hududlariga tarqaladi, havo harorati 3-5 darajaga pasayadi.
Ushbu kunlarda asosan quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi shimolida juma va shanba kuni bir oz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 metr/sekundgacha kuchayadi, ayrim joylarida baʼzida 20-22 metr/sekundgacha kuchayishi, chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.
Oʻzbekistonda ilk bor bemorga jigar va buyrak bir vaqtning oʻzida koʻchirib oʻtkazildi
Murakkab amaliyot Toshkentdagi Milliy tibbiyot markazida oʻtkazildi. Operatsiya jigar sirrozi va surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichidan aziyat chekkan, toʻrt yil davomida gemodializ olgan bemorda bajarildi.
Shifokorlarning taʼkidlashicha, bunday holatda faqat jigar yoki faqat buyrakni koʻchirib oʻtkazish yetarli natija bermasligi mumkin. Shu sababli ikkala organni bir vaqtning oʻzida transplantatsiya qilish bemorning hayotini saqlab qolish imkonini beradigan yagona yechim sifatida koʻrilgan.
Milliy tibbiyot markazida bemorga yuqori texnologiyali operatsiya oʻtkazilib, ham jigar, ham buyrak koʻchirib oʻtkazildi. Shifokorlar mazkur amaliyot Oʻzbekiston tibbiyotida ogʻir jigar va buyrak yetishmovchiligi bilan yashayotgan bemorlarga yuqori texnologiyali transplantatsiya yordamidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishiga umid qilmoqda.
Oʻzbekistonlik sportchilar akademik eshkak eshishda ilk marta jahon chempioni boʻldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtmoqda. 27-avgust kuni Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medaliga sazovor boʻldi.
Yengil vaznli sportchilar oʻrtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibiga aylandi. Bu oʻzbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida qoʻlga kiritgan dastlabki oltin medali sifatida tarixda qoladi.
Shahzod Nurmatov chempionlikdan keyin bergan intervyusida mazkur chempionlikni Oʻzbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlaganliklarini aytishdi.
Mazkur yoʻnalishda kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSH sportchilariga nasib etdi.








