O‘zbekistonni yangilash va modernizatsiya qilishning bugungi yangi bosqichida madaniyat va san'atning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, yosh avlodimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan quyidagi vazifalar ijro uchun qabul qilinsin:

- madaniyat va san'at muassasalari faoliyatini tashkil etish va samaradorligini oshirish borasidagi qonunchilikni takomillashtirish. Jumladan, muzeylar va teatrlar faoliyatini takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish. Moddiy madaniy meros va arxeologiya obektlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish mexanizmlarini yanada takomillashtirish;

- madaniyat va san'at muassasalari, teatrlar, muzeylar, badiiy jamoalar, madaniyat va aholi dam olish maskanlari, madaniyat va istirohat bog‘lari faoliyati, moddiy-texnik bazasi holatini atroflicha o‘rganish, ularni ta'mirlash va zarur jihozlar, musiqa asboblari bilan ta'minlash, samarali ijodiy faoliyat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish. O‘zbek milliy raqs va xoreografiya san'atini yanada rivojlantirish, madaniyat va san'at rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli san'atkorlar, jahon miqyosidagi nufuzli ko‘rik-tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;

- yoshlarni san'at maskanlariga, xususan, teatr va muzeylar, konsert tomoshalariga muntazam jalb etish, o‘zbek va jahon madaniyatining eng sara namunalaridan bahramand etish orqali ularning ma'naviy-axloqiy, estetik didi va madaniy darajasini yanada yuksaltirish. Madaniyat va istirohat bog‘lari hududida “Nuroniylar maskan”larini tashkil etib, faxriylarning madaniy dam olishlari uchun zarur sharoitlar yaratish;

- “Seni kuylaymiz, zamondosh!”, “Debyut” kabi teatr san'ati ko‘rik-festivallari samaradorligini oshirish orqali buyuk siymolar, zamonamiz qahramonlari obrazi, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini aks ettirgan, badiiy yuksak sahna asarlarini yaratish. “Bahor nafasi” xalqaro san'at festivali, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali, “Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilari festivali singari tadbirlar, turli xalq sayllarini tashkil etib, ularga xorijiy sayyohlarni keng jalb etish;