07:57 / 04.09.2023
30356

Ukraina mudofaa vaziri iste’foga chiqdi. Yangi vazir Samarqandda tug‘ilgan Umerov bo‘ladi

Rustem Umerov bungacha Davlat mulklari fondi rahbari edi.

Foto: Anadolu Agency

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov iste’foga chiqdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy navbatdagi kechki videomurojaatida e’lon qildi. Uning o‘rniga Davlat mulklari fondi rahbari Rustem Umerov yangi mudofaa vaziri bo‘ladi.

«Oleksiy Reznikov urushning 550 kunidan o‘tdi. Mudofaa vazirligiga yangicha yondashuv, yangicha qarash kerak deb o‘ylayman. Ham harbiylar, ham odamlar bilan muloqotda.

Hozir vazirlikni Rustem Umerov boshqarishi kerak deb o‘ylayman. Oliy radada uni yaxshi bilishadi. Shunday ekan Umerov ortiqcha tanishtirishga muhtoj emas. Parlamentdan qo‘llab-quvvatlov kutib olaman. Axir kuz – kuchayish mavsumi», dedi Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, Rustem Umerov qrimtatar musulmonlaridan bo‘lib, ochiq manbalarga ko‘ra, 1982 yilda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. Muqaddam tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. U «Qrimtatarlar jamiyati» asoschilaridan biri, shuningdek, qrimtatar xalqi yetakchisi Mustafo Jyemilevning maslahatchisi bo‘lgan. 2019 yilda Umerov Oliy rada deputati bo‘lgan. 2022 yildan Davlat mulklari fondiga rahbarlik qilayotgandi.

Oleksiy Reznikov Ukraina mudofaa vazirligini 2021 yil noyabridan buyon boshqarib kelayotgandi. Reznikov iste’foga chiqishi mumkinligi haqida xabarlar dastlab 2023 yil boshida, Ukrainada korrupsiya mojarolari tufayli qator amaldorlar, jumladan mudofaa vaziri o‘rinbosari ham ishdan olingani haqidagi xabarlar fonida tarqalgandi.

Ukraina mudofaa vaziri o‘zgarishi mumkinligi haqidagi navbatdagi xabarlar 2023 yil avgust oyining birinchi yarmida ham tarqaldi.

Oleksiy Reznikovning endi Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlanishi kutilmoqda.

Top