O‘zbekiston | 11:17 / 13.06.2018
50217
5 daqiqa o‘qiladi

​​Yoshlar Ittifoqi «1-2 so‘m topish ilinjida ishga chiqqan uyushmagan yoshlar»ga futbol o‘ynatib, g‘oliblarga paxta yog‘i topshirdi

Foto: Facebook / Yoshlar Ittifoqi

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi navbatdagi tashabbusi haqida e'lon qilib, ijtimoiy tarmoqda kulgiga qoldi.

Ittifoqning feysbukdagi rasmiy sahifasida Yoshlar Ittifoqining Buxoro shahar kengashi tomonidan amalga oshirilgan tadbir to‘g‘risida hisobot berilgan.

«40 nafar uyushmagan yosh Buxoro shahridagi mardikor bozoriga 1-2 so‘m pul topish ilinjida chiqadi. Bozorda kunlik yo haftalik ish topgan yosh turli sharoitlarda ishlaydi ham, ammo ertaga shu ish bormi yo yo‘q, bu ham noma'lum. Buning ustiga bu yoshlar ham jamiyatda o‘z o‘rnini topishni, munosib sharoitlarda ishlashni istaydi. Yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga ular ham haqli, albatta», deyiladi xabarda.

Ammo ittifoq bu yoshlarni doimiy ish bilan ta'minlab qo‘ymagan, ularga mavsumiy yoki kunlik ish ham topib bermagan.

«Yoshlar ittifoqi Buxoro shahar Kengashi tashabbusi bilan ana shu yoshlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga targ‘ib qilish, faollikka chaqirish maqsadida futbol musobaqasi tashkil etildi. Musobaqa avvalida yoshlar «Ittifoq farzandlari» hamda «O‘zbekiston yoshlari» jamoalariga bo‘linishdi. Shundan so‘ng, qizg‘in va murosasiz o‘yin boshlandi. Ketma-ket qilingan hujumlar, munosib himoya o‘yinni yanada qiziqarli o‘tishiga zamin bo‘ldi. Musobaqa natijalariga ko‘ra, «Ittifoq farzandlari» jamoasi «O‘zbekiston yoshlari» jamoasini 3:0 hisobiga mag‘lub qilib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi», deya davom etiladi xabarda.

O‘yindan so‘ng «g‘olib va sovrindorlar»ga Ittifoqning Buxoro shahar kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar — bir litrdan paxta yog‘i va elektr-choynaklar topshirilgan.

Foto: Facebook / Yoshlar Ittifoqi

Bu post ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ham kulgisiga ham noroziligiga sabab bo‘lgan. Ular Ittifoq a'zolari bo‘lmagan yoshlarni «ma'naviyati qashshoq», «uyushmagan yoshlar» kabi haqoratli atamalar bilan atamaslikni so‘rashgan.

«Tirikchilik dardida ko‘chaga rizqini qidirib chiqib halol mehnat qilganlarni nega «uyushmagan yoshlar» degan xunuk so‘z bilan qo‘shib yozasizlar?» (우즈백)

«Buning o‘rniga katta ish olgan quruvchilar bilan gaplashib uylar, binolar qurilishini gaplashib bermabsizlarda. 1-2 oy ish bilan ta'minlanar edi. G‘isht uradimi, suvoqchilikmi, hamma o‘zining qo‘lidan keladigan ishini qilsa...» (Nurmukhammad Ismailoff)

«Iye, bu bolalar har kuni mehnat tagida jigari ezilsa, yana sog‘lom turmushga targ‘ib qildik deyishingiz nimasi? Yuzlaridan ham bilinib turibdi rosa xursand bo‘lganlari. Men biror ish o‘rniga joylashtirishdimikan deb o‘ylabman» (Muhammadsarvar Erkinboyev)

«Yoshlar Ittifoqi Buxoro shahar kengashi tomonidan, ... yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan futbol musobaqasi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari ( jumladan bir baklajka oq moy) topshirildi. Hoynahoy ikkinchi o‘rin sohiblariga bir donadan kir sovun taqdim etilgandir, odam bo‘maymiz bu turishda! Shuniyam fakt uchun rasmga oladimi YoI?» (Asliddin Mavlonov)

«Ularga pul kerak, yaxshi oylik, ish bo‘lsa hordiqni o‘zi chiqarib oladi! Shu bir tiyinga qimmat futbolni deb bir kunlik ish ham rasvo bo‘libdida!» (Jakhongir Ostonov)

«Uyushmagan yosh degan medaga tegadigan termindan qachon voz kechasizlara, maddohlar! Yoki shuniyam Prezident alohida aytishi kerakmi?» (Olimjon Haydarov)

«Koptok tepgandan 1-2 so‘m pul ishlagani yaxshi ediku, yoki futbol o‘ynab uyushib qolishdimi? Ko‘chaga chiqib pul topaman degan ixtiyoriy yosh uyushmagan bo‘laveradimi? «Uyushmagan yoshlar» degan tashxis qanday qo‘yiladi? Qaysi analizga yoki mezonga asosan bu «nishon»ni yoshlarga taqasiz?» (Shavkat Homidjonov)

«Ishdan charchaaab, yana koptok o‘lgurni yumalatishibdida? Boz ustiga ro‘za kunida! Ro‘zadorlariyam bordir oralarida? Haligi nima deyishardi? Hammang chiq avtobusga! Rasmga tushamiz» (Sardor Bek Erkinbaev ).

Haqiqiy holat shunday. Tashkilotning imiji kundan-kunga yomonlashib bormoqda. Bu holat Yoshlar ittifoqiga savollarni yanada ko‘paytiradi. Maynabozchilik qilish qachon bas qilinadi?  Bu tuzilma qachon «uyushmagan» yoshlarni tinch qo‘yib real ijtimoiy-siyosiy dolzarb muammolarni hal qiladi? 

Mavzuga oid