14:29 / 26.10.2020
73440
Bo‘ston tumani hokimi fermerlarni haqoratlagani aks etgan audio tarqaldi. Hokim audioyozuv yuzasidan izoh berdi

Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova o‘zi ishtirokidagi yig‘ilishda yozib olingan audio bo‘yicha izoh berib, quyushqondan chiqishida fermerlarning o‘zini aybladi.

Sadbarxon Mamitova

«Men ham koronavirus bilan kasallanib, ikki haftaga yaqin vaqt kasalxonada yotdim. Kasallikdan so‘ng ruhiy holatim yaxshi bo‘lmagani uchun stressda balki fermerga qattiqroq gapirgandirman, qattiqroq talab qilgandirman, og‘zimdan shu gap chiqib ketgandir. Lekin men davolangan paytda tumandagi ko‘p ishlar orqada qolib ketgan.

Holbuki, g‘allamiz, paxtamiz, soyamiz bor, ularga taalluqli rejalar bor. Xususan, g‘alla ekish ham, g‘allani sug‘orish ham orqada qolgan. Ba'zida yaxshilik bilan, qonun yo‘li bilan ham gaplashasiz. Ba'zida esa qattiqroq gapirishga to‘g‘ri kelib qoladi. 

Aslida, fermerlar bilan munosabatim yaxshi. Biroq ish qilmagan, rejani bajarmagan fermerlar anchagina. To‘g‘ri, paxta rejasini bajardik, lekin fermerlar paxta ichidagi soyani korchyovka qilib, yulib tashlashgan. Holbuki, soya hosilini terib olish kerak edi. Korchyovka bilan chiqarib tashlab, yer chizib turishibdi soya yo‘q deb. Endi g‘o‘zaning ichidagi soya tonnasini qayerdan chiqarishadi? Ularga soyani yo‘qotib yubormanglar deyilgan, lekin yulib tashlashgan ekan», deydi Sadbarxon Mamitova Kun.uz muxbiriga bergan izohida.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqda Bo‘ston tumani hokimi yig‘ilishlardan birida fermerlarni haqoratli so‘zlar bilan kamsitayotgani aks etgan audioyozuv tarqalgandi.

Mamitova tumandagi fermerlarni «maraz», «iflos» deb haqoratlagan, soya o‘simligi bilan bog‘liq rejani bajarmagan fermerlarga 5 tonnadan soya topshirilmasa, yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilgan.

«Qani soyang bo‘lmasin, yeringdan umid qilma bittang ham. Soya qilasan, paxtang qoladi, bo‘lmasa ketadi. G‘alla ekkan taqdiringda ham ketadi. Ko‘zingni ochib ol hammang. Otingni qamchilab, bolangni olib bordirasanmi, enangni olib bordirasanmi, topasanmi, borib soyangni bajarib qo‘y, kunlik so‘rayman», degan hokim.

 

 

 

 

Eslatib o‘tamiz, Sadbarxon Mamitova shu yilning martida Bo‘ston tumani hokimi etib tayinlangandi.

Top