17:28 / 11.02.2021
3588
2020 yilda paxta eksporti 65 foizga kamaydi

O‘zbekiston 2020 yilda 78,87 million AQSh dollari miqdorda paxta tolasini eksport qilgan.

O‘zbekistonning 2020 yildadagi paxta tolasi eksporti 65,35 foizga qisqarib, 78,87 million AQSh dollarini tashkil qilgan. 2019 yilda respublika 227,61 million AQSh dollari miqdorida paxta tolasi eksport qilingandi.

Paxta eksporti 2020 yil davomida faqat sentyabr oyida 2019 yildagiga nisbatan baland bo‘lgan.

Eksport hajmi kamayishi paxta xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportga yo‘naltirish ko‘zlanayotgani bilan izohlangan.

«Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2020 yilning 6 martida qabul qilingan prezident farmoniga binoan, respublikada paxta xomashyosi ishlab chiqarish va majburiy sotish rejasi, uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilingan.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda paxta eksportini yildan yilga kamaytirmoqda. Xususan, 2016 yilda 416 ming tonna, 2017 yilda 278,9 ming tonna, 2018 yilda esa 115,6 ming tonna paxta tolasi eksport qilingan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov 2019 yilda Yaponiyaning Nikkei Asian Review nashriga bergan intervyusida paxta tolasini eksport qilishni to‘xtatish haqida aytib o‘tgandi. U o‘shanda 2025 yilga borib O‘zbekiston yiliga 8 milliard AQSh dollari miqdordagi to‘qimachilik maxsulotlarini eksport qilishni rejalashtirganini aytib o‘tgandi.

Avvalroq, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston paxta dalalarida 2020 yilgi hosilni yig‘ib olishda majburiy mehnatga barham berishda kuzatilgan sezilarli olg‘a siljishlarni e'tirof etgandi.

Top