16:42 / 03.03.2021
2911
Narpay tumanida 15 martgacha elektr ta'minotida cheklov o‘rnatildi

Samarqand viloyati Narpay tumani hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tuman aholisiga 1 martdan 15 martgacha ertalab va kechki payt tizimda quvvat yetishmasligi sababli elektr energiyasi ta'minotida cheklov kiritilishi haqida ma'lum qilmoqda. Bu haqda tuman hokimligining telegramdagi rasmiy kanalida e'lon berilgan. Bu holatga izoh bergan soha mutasaddilari umumiy gapdan nariga o‘tmayapti.

2 mart kuni Narpay tuman hokimligi axborot xizmati tomonidan hokimlikning telegramdagi rasmiy kanalida tuman elektr tarmoqlari korxonasi nomidan e'lon berildi. Unda, tizimda quvvat yetishmasligi sababli tuman hududida 1 martdan 15 martgacha ertalab va kechki payt elektr energiyasi uzatishda cheklovlar o‘rnatilishi ma'lum qilingan. E'longa Narpay tuman elektr tarmoqlari boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Mirzohid Tog‘ayevning ism-sharifi va imzosi qo‘yilgan xatning fotosurati ham ilova qilingan.

«Narpay tuman elektr ta'minoti korxonasi, «Hududiy elektr tarmoqlari»AJ va «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ ning 2021 yil 1 martdagi №10-04/141-sonli xabarnomasiga asosan, tizimda quvvat yetishmasligi sababli, Narpay tuman hududidagi iste'molchilarga 2021 yil 15 martga qadar, kechki va ertalabki maksimumda elektr energiya ta'minotida cheklov kiritilishi haqida ma'lum qilamiz.

Narpay tuman elektr ta'minoti korxonasi elektr energiya ta'minotidagi uzilishlar va noqulayliklar uchun iste'molchilardan uzr so‘raydi», deyiladi Tog‘ayevning xatida.

Kun.uz ushbu bildirishnoma va unga ilova qilingan xat yuzasidan izoh olish uchun Narpay tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Mirzohid Tog‘ayev bilan bog‘landi. Uning aytishiga qaraganda unga №10-04/141-sonli xabarnoma «Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi» AJ dispetcherlari tomonidan yuborilgan va unda hokimiyat hamda mahallalarni ogohlantirish so‘ralgan. U berilgan topshiriqni bajargan va hokimiyatga xabarnoma yuborgan. Hokimlik axborot xizmati esa u yuborgan xabarni hokimlikning rasmiy telegram kanalida e'lon qilgan. Ana shu joyigacha hammasi to‘g‘ri kelyapti. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi M.Tog‘ayev va tuman hokimligi axborot xizmati rahbari o‘z vazifasini bajaryapti. Ammo «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddilari boshqa fikrda.

Mazkur masalada bizni xatning chiqarilgani emas, (zero yuqorida o‘sha xatning chiqarilishi va aholining ogohlantirilishi to‘g‘ri ish bo‘lganini ta'kidladik) balki nega tizimda quvvat yetishmayotgani, Narpay tumanida iste'molchilar nega surunkasiga 15 kun (!) ertalab va kechki payt chiroqsiz qolishi qiziqtirdi. Bu haqda «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddilariga savol bilan murojaat qildik. Afsuski, ular bahor fasli kelib, kunlar ancha isib ketganiga qaramasdan nega tizimda quvvat yetishmayotgani, Narpay tumanida iste'molchilar nega surunkasiga 15 kun (!) ertalab va kechki payt chiroqsiz qolishi kerak, degan savollarga javob berish o‘rniga e'tiborni o‘sha xatni tuman hokimligiga yuborgan M.Tog‘ayevning xatti-harakatiga qaratishdi. Jumladan, ular M.Tog‘ayev bunday xatni oshkor qilishga haqqi yo‘qligini, u xatni yozishda xatolikka yo‘l qo‘yganini bot-bot takrorlashdi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati rahbari esa Narpay tumani elektr tarmoqlari korxonasiga yuborilgan №10-04/141-sonli xabarnomani «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ emas, balki «Milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi dispetcherlik markazi yuborganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan elektr energiyasining kunlik miqdoriga qarab hududlarga limitlar belgilanadi. Hududlar esa o‘sha limitni iste'molchilarga taqsimlab chiqadi. Shundan kelib chiqilsa, Narpayda ham 15 martgacha har kun ertalab va kechqurun chiroq o‘chirilmasligi, ayrim kunlarda, qisqa muddatga o‘chirilishi umumiy qilib yozilgan bo‘lishi mumkinligini ma'lum qildi.

«Milliy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘rinov Narpay tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari tomonidan chiqarilgan xatda agar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan berilgan xabarnomaga ko‘ra», deb yozilgan bo‘lsa, bu tashkilotlar ishini muhokama qilish uning vakolatiga kirmasligini ma'lum qildi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste'molchilarga yetkazib berishga mas'ul bo‘lgan to‘rtta tashkilot (GESlar hamda IESlar tizimi, «Milliy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ) aslida to‘rtta tashkilot hisoblansa ham birining faoliyati ikkinchisiniki bilan chambars bog‘liqligi uchun bir-biri bilan uyg‘un ishlaydi va ularning barchisi Energetika vazirligiga bo‘ysunadi. Shu uchun barchasini vazirlik muvofiqlashtiradi.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, kunlar isib ketganiga qaramasdan ayrim joylarda elektr energiyasi uzatishda cheklovlar bo‘layotgani bor gap. Bunga sabab, O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi GESlar va IESlar og‘ir qishki mavsumdan chiqishdi va ayni kunlarda ularning ayrimlarida kichik ta'mirlash ishlari olib borilayapti. Shu sababli elektr energiyasini ishlab chiqarish rejada belgilangandan 4-5 foizga kam bo‘layapti. Oqibatda joylarda qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatilayapti. Shundan kelib chiqilsa, Narpay tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi M.Tog‘ayevning tuman aholisni ogohlantirish maqsadida hokimlikka xat yo‘llashi tabiiy.

Energetika vazirligi Tog‘ayevga yuborilgan xatni «Milliy elektr tarmoqlari» AJ emas, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ dispetcherlik markazi yuborganini tasdiqladi. (Tog‘ayevning xatida ham shunday yozilgan)

P.S. Maqola tayyor bo‘lishi arafasida, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati Narpay tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Mirzohid Tog‘ayev jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini va unga nisbatan chora ko‘rilishini ma'lum qildi. Energetika vazirligi matbuot xizmati Tog‘ayev jiddiy xatoga yo‘l qo‘ymaganini va o‘z vazifasini bajarganini aytib turganda «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan unga chora nisbatan ko‘rilishi qanchalik to‘g‘ri va adolatli?

Top