O‘zbekiston | 18:26 / 09.04.2021
13397
2 daqiqa o‘qiladi

«Yosh kitobxon» tanlovi respublika bosqichi g‘oliblariga mukofotlar topshirildi

 Joriy yil 9 aprel kuni “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi. Besh muhim tashabbus doirasida o‘tkazilgan tanlovda 300 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Har bir hududdan 3ta yosh toifasi bo‘yicha bir nafardan, jami 42 nafar g‘olib respublika final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

 Tanlovning respublika bosqichi televizion tarzda o‘tkazildi. Shartlar yakuniga ko‘ra 10-14 yoshlilar o‘rtasida 1-o‘ringa Farg‘ona viloyatidan Muhammadfozil Ismoilov munosib topildi. Bu yosh toifasida 2-o‘rin qoraqalpog‘istonlik Aynura Alimjonovaga, 3-o‘rin xorazmlik Javohir Karimovga nasib etdi.

 15-19 yoshlilar o‘rtasida 1-o‘rinni Toshkent shahridan Maftuna Umarova qo‘lga kiritdi, keyingi o‘rinlarda qashqadaryolik Munisa Norqobilova hamda Andijon viloyatidan kelgan Dilnavoz Hayitahmatovani ko‘rish mumkin.

 20-30 yoshli ishtirokchilar orasida andijonlik Fotima Mamtaliyeva, 2-o‘rinda buxorolik Shamshoda Hamdamova, 3-o‘rinda surxondaryolik Sanjar Shotemirovlar e'lon qilindi.

 Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblarga 1-o‘ringa “Spark” avtomashinasi, 2-o‘ringa 30 million so‘mdan, 3-o‘ringa esa 15 million so‘mdan pul mukofoti topshirildi.

 Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 5-9 aprel kunlari “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tishi ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid