O‘zbekiston | 15:13 / 24.01.2022
5016
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston sanoatning barcha tarmoqlarida birgalikda loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi

Shu maqsadda tomonlar qo‘shma sanoat korxonalari tashkil etishni rejalashtirgan.

Foto: Ramiz Baxtiyarov

Tojikiston hukumati o‘z qarori bilan O‘zbekiston hukumati bilan sanoat va yangi texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlash va uni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni topshirdi. Bu haqda «Asia-Plus» xabar bermoqda.

Qarorda, shuningdek, kelishuv kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-qoidalari Tojikiston tomonidan bajarilganligi to‘g‘risida O‘zbekiston tomonini xabardor qilish topshirilgan.

O‘tgan hafta oxirida Tojikiston Adliya vazirligining huquqiy axborot portalida matni e’lon qilingan kelishuvga ko‘ra, yengil sanoat, oziq-ovqat, kimyo, qurilish, tog‘-kon sanoati, energetika va mashinasozlik boshqa sohalardagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, kelishuvda texnika va qayta ishlash texnologiyasi yetkazib berish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 

Ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va uni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat mahsulotlari yarmarkasi va ko‘rgazmalari, ishbilarmon doiralar forumlari tashkil etiladi. 

Tomonlar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda hamkorlikni rivojlantirish choralarini ko‘radi. Gap qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va ularni amalda tatbiq etish haqida bormoqda. 

O‘tgan yilning yozida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi chog‘ida ikki davlat hukumatlari Tojikistondagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish uchun Dushanbe shahrida yuridik manzilga ega bo‘lgan qo‘shma sarmoyaviy kompaniya tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolagan edi. 

Tojikiston-O‘zbekiston sarmoya kompaniyasining ustav kapitali 12 million dollar miqdorida rejalashtirilgan edi. 

Kompaniya ta’sischilari 75 foiz ulushga ega O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda ustav kapitalidagi 25 foiz ulushga ega «Tojinvest» DUK hisoblanadi.

Mavzuga oid