Yigirmanchi asrda Turkistonni qoloqlikdan qutqarib, odamlarni savodli qilishga bel bog‘lagan jadidchilik harakati namoyandalari yoshlarni Yevropaga o‘qishga yuborib mamlakatni taraqqiyotga boshlaydigan kadrlar yetishtirishni maqsad qiladi.

Shu maqsadda 1922 yilda Turkistondan ilk talabalar guruhi Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. Ular orasida bor-yo‘g‘i 2 nafar qiz: Maryam Sultonmurodova va Xayriniso Majidxonovalar bor edi.

Germaniyada o‘qigan talabalar.
Foto: Bahrom Irzayev

Kun.uz ilk bor chet el ta’limini olgan o‘zbekistonlik xotin-qizlar va ularning ayanchli tarixi haqida adabiyotshunos olim, jamoat arbobi Naim Karimov bilan suhbatlashdi.

Orzudagi mustaqil davlatni boshqarish uchun kadrlar kerak edi

20-asr boshlarida mamlakatimiz Turkiston deb atalardi. Bu davrda Turkistonda jadidchilik – milliy uyg‘onish harakati boshlandi. Xalqning turmush tarzi, madaniyati, fan, san’ati nihoyatda og‘ir ahvolda edi. Turkiston – Chor Rossiyasi mustamlakasi edi, jadidlar mustamlaka zanjirlarini parchalash uchun bolalarni, yoshlarni o‘qitish, zamonaviy fanlarga o‘rgatish kerak degan qarorga kelishadi. Ularning bu rejalari qatorida yoshlarni Yevropaga o‘qishga yuborish ham o‘rin olgandi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Agar biz diniy ulamolarni tayyorlab chiqarmoqchi bo‘lsak, Arabiston, Misrga yoshlarni yuborishimiz kerak. Agar zamonaviy fanlar, texnikani rivojlantirishni maqsad qilsak, unda Yevropa mamlakatlariga talabalarni yuborishimiz kerak”, degan shior bilan chiqqan. Bu shiorni amalga oshirish uchun hali vaqt pishib yetilmagan edi.

1917 yilda Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati tuziladi, lekin harbiy tomondan zaif muxtoriyat biroz o‘tib qonga botiriladi. Shundan so‘ng yurtda sovet hukmronligi o‘rnatiladi. Mana shu orada O‘zbekistonda “Bilim hay’ati” tuziladi. Tashkilotning asosiy maqsadlaridan biri talabalarni chetga o‘qishga yuborishdan iborat edi.

Tashkilot a’zolari: “Har yili 70 nafar talabani xorijga o‘qishga yuborsak, yaqin orada mustaqillikka erishishimiz mumkin va mustaqil O‘zbekistonni boshqara oladigan kadrlar yetishib chiqadi”, deb ishonishgan. Shunday qilib 1922 yilda ilk marta talabalarni o‘qishga yuborish rejasi amalga oshadi. O‘sha vaqtda Turkiston hukumati ixtiyorida Buxoro amiridan qolgan oltinlarning bir qismi bor edi, xazinaning asosiy qismi Rossiyaga tashib ketilgandi.