08:09 / 27.06.2022
16755

OAV vakillari ishtirokidagi «Zakovat» turnirida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi

Murosasiz kechgan intellektual bahslar yakunida sovrindor jamoalar mos ravishda 10, 30, 60 va 100 mln so‘mlik pul mukofotlariga ega bo‘lishdi.

26 iyun kuni OAV xodimlari va blogerlar o‘rtasidagi «Zakovat» turnirida uchinchi o‘rin uchun va final o‘yinlari o‘tkazildi. 

Bu bosqich o‘yinlarida bir tur 10 ta savoldan iborat bo‘lib, maksimum uch tur davom etishi mumkin edi. Har ikki o‘yinda ham uch turdan o‘ynaldi.

Dastlab Creative team «Fiyesta»ga qarshi bellashdi. Bu bahsning birinchi turida «Fiyesta» 4:2 hisobida ustun kelgandi, lekin keyingi ikki turda 1:4 va 0:4 hisoblarida mag‘lubiyatga uchradi va uchinchi o‘rin Creative team jamoasiga nasib etdi.

Turnir g‘olibligi uchun esa ikki yulduzli jamoa Energy va «Million ilinjida» murosasiz bahs olib bordi. Bu bahsning barcha turlari shiddatli kechdi, birinchi turni Nurbek Alimov boshchiligidagi «Million ilinjida» o‘z foydasiga hal qilayotgandi, jamoa 3:1 hisobida oldinga o‘tib olgandi, ammo Energy yetakchilaridan biri Muhrim A’zamxo‘jayev uchta savol javobini topdi va bu turda jamoasi g‘olibligini ta’minladi.

Keyingi turda esa «Million ilinjida» 4:2 hisobida ustun keldi.

Hal qiluvchi tur esa dramatik ko‘rinish oldi. Olti savol o‘ynalganidan keyin Energy 3:0 hisobida oldinga chiqib oldi, bu vaziyatda qolgan to‘rt turda «Million ilinjida» to‘rt ochko olishi talab etilardi. Jamoa bunga juda yaqin keldi, jamoa yetakchisi Nurbek Alimov qatorasiga uch savolni topdi, ammo so‘nggi savol javobi Energy jamoasi vakilidan yangradi - 3:4.

O‘yinlar yakunida barcha finalchilarga pul mukofotlari topshirildi. Taqdimot marosimida Milliy mass mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva va O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirok etishdi.

Jamoalarga quyidagicha pul mukofotlari topshirildi:

1-o‘rin: Energy jamoasi — 100 mln so‘m;
2-o‘rin: «Million ilinjida» jamoasi — 60 mln so‘m;
3-o‘rin: Creative team jamoasi — 30 mln so‘m;
4-o‘rin: «Fiyesta» jamoasi — 10 mln so‘m.

Energy jamoasi
«Million ilinjida» jamoasi
Creative team jamoasi
«Fiyesta» jamoasi

Top