O‘zbekiston | 07:57 / 19.07.2022
1538
3 daqiqa o‘qiladi

«Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish» loyihasining 2-fazasi boshlanadi

Prezidentning “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish - 2-faza” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yil 22 martda Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan loyihani moliyalashtirish uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 25 yil muddatga 180 mln AQSh dollari hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 30 yil muddatga 20 mln AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari ajratilishi ma’qullangan.

Loyiha umumiy qiymati 246,8 mln AQSh dollari ekvivalentini, shundan O‘zbekistonning ulushi – 3 mln AQSh dollari soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish hamda loyiha ishtirokchilari (benefitsiarlarning) ulushi – 43,8 mln AQSh dollari ekvivalentini tashkil etadi.

Loyiha 5 yil (2022-2026 yillar) davomida Qoraqalpog‘istonda, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida amalga oshiriladi.

Loyihani amalga oshirishda xarid qilinadigan tovarlar (xizmatlar) bojxona bojidan ozod etiladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi (kredit liniyasi orqali moliyalashtirish va kichik grantlar doirasida sotib olinadigan tovarlar (xizmatlar) bilan bog‘liq bo‘lgan soliqlar bundan mustasno).

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi loyiha o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi, uning muvofiqlashtirilishi, monitoring qilinishi va hisoboti yuritilishi uchun mas’ul organ hisoblanadi.

Loyiha qishloq hududlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, yangi korxonalarni tashkil etish yoki mavjud korxonalar salohiyatini kengaytirish, kichik biznes sub’yektlari uchun moliyaviy va nomoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, qishloqdagi yoshlar va ayollarni biznesga keng jalb qilish maqsadida amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid