16:01 / 12.08.2022
5884
Metallurgiyani rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi

Import qilinadigan metall xomashyosi 1 noyabrdan boshlab bojxona bojidan ozod qilinishi mumkin.

O‘zbekiston metallurgiya kombinatida 12 avgust kuni ushbu sohani rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu kombinat ilgari mamlakatimizda qora metallurgiya sohasidagi yagona korxona edi. So‘nggi besh yildagi islohotlar natijasida 200 ta yangi korxona tashkil etildi. Ularda 25 mingdan ziyod aholi mehnat qilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida sohada 16 trillion so‘mlik tovarlar tayyorlangan. Temir va temir mahsulotlari ishlab chiqarish 1,8 barobar o‘sib, 2 million tonnadan ko‘paygan.

Shu bilan birga, yurtimizda bunyodkorlik ishlari, sanoat loyihalari hali ko‘p. Bugungi kunda barcha sohalarda yiliga 4 million tonna qora metall ishlatilmoqda. Xususan, metallga ketadigan xarajatlar ulushi uy-joy qurilishi tannarxida 15 foizni, mashinasozlikda 40 foizni tashkil qilmoqda.

2026 yilga borib, mamlakatimiz iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun 6 million tonnaga yaqin metall kerak bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Qolaversa, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat, logistika zanjiridagi uzilishlar yirik metallurgiya korxonalari faoliyatiga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Davlat rahbari bu sharoitda faqat o‘z metallurgiya sanoatimizni jadal rivojlantirish orqali maqsadga erishish mumkinligini ta’kidladi. Bu boradagi to‘rtta asosiy vazifa ko‘rsatib o‘tildi.

Birinchisi - metall ishlab chiqaruvchi korxonalarni xomashyo bilan kafolatli ta’minlash. Ikkinchisi - barcha hududlarda metall ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash. Uchinchisi -  yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlari uchun zamonaviy metall konstruksiyalar ishlab chiqarish. To‘rtinchisi - malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish.

Bosh vazir maslahatchisi B.Islomov mamlakatimizda 1 milliard 200 million tonna temir rudasi zaxiralari borligini qayd etdi.

Yangi konlarda, shu jumladan, Qorao‘zakdagi “Tebinbuloq” konida olib borilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.

Ikkinchi masala haqida so‘z borar ekan, sohadagi korxonalarni rivojlantirish va ularning negizida sanoat klasterlarini tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident hududlardagi shunday korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi. Ularning import qilinadigan metall xomashyosi va O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijlik malakali mutaxassislarning yurtimizda ishlashi uchun soddalashgan viza berish takliflarini ko‘rib chiqishga mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Uchinchi yo‘nalishga ko‘ra, kelgusi yilda 500 million dollarlik mahsulotlarni mahalliylashtirish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddilar bu borada 204 ta loyiha taklifi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Bu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliylashtirilgan yangi mahsulotlar davlat korxonalari tomonidan kafolatli xarid qilinishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari sohada ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish uchun “O‘zmetkombinat”da Metallurgiya ilmiy markazini tashkil etish, Geologiya universitetida qora metallar ilmiy laboratoriyasi, Navoiy konchilik hamda Toshkent texnika universitetlari qoshida texnoparklar ochish taklifini bildirdi. Shuningdek, nufuzli xorijiy kompaniyalar va injiniring markazlarida yosh mutaxassislar malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Videoselektor yig‘ilishida viloyat hokimlari, kon-metallurgiya kombinatlari jamoasi, tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top