2018 yil Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan poytaxtimizning Yashnobod tumanida muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni realibilitatsiya qilish markazi, ya’ni “Mehr-saxovat uyi” tashkil qilingan. Toshkent shahar IIBB qoshidagi ushbu markaz yaqindagina qayta ta’mirdan chiqdi, ayni vaqt u yerda 100 nafardan ziyod boshpanasiz fuqarolar kiyim-kechak, oziq-ovqat, zarurat bo‘lsa dori-darmonlar bilan ta’minlanmoqda.

Saxovat uyi ikki blokka, erkaklar va ayollar dam olish xonalariga ajratilgan. Muassasada yashovchilarga cho‘milish xonalari, oshxona hamda bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishlari uchun kutubxona ham tashkil qilingan.
“Bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning hujjatlarida, masalan, pasporti, pensiya hujjatlarida muammosi bo‘lishi ham mumkin, shunday holatlar uchraydi. Bu kabi masalalar IIV tegishli idoralari bilan hamkorlikda bartaraf etilmoqda”, – deydi IIBB jamoat tartibini saqlash boshqarmasi maxsus qabulxona boshlig‘i o‘rinbosari Zavqiy Do‘stmurodov.

IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Madiyevaning aytishicha, markazda yashovchilarning soni o‘zgaruvchan.
“Boisi, bu yerda hech kim majburan ushlab o‘tirilmaydi, fuqarolar erkin kelib-ketishi mumkin.
Yopiq hudud emas, eshiklarimiz doim ochiq, ishi bor bo‘lsa, ishlagani chiqishlari ham mumkin, istagan odam kelishi yoki ketishi mumkin, eshiklarimiz doim ochiq turadi. Qish mavsumida markazga keluvchilar soni ortadi, 400-500 nafargacha ham chiqishi mumkin. Karantin vaqtida 1 ming 500 nafar odam kelgan vaqtlar ham bo‘ldi.
Hozir mana shu fuqarolarimizning yashashi uchun sharoitlar yaratildi, qo‘shimcha ravishda yana bitta bino qurish ham rejamizda bor”, – dedi u.





















