18:53 / 16.08.2022
10264

O‘zini yoqib yuborgan fuqaro hodisasi: Qarshidagi korxona avvaldan ekologik talablarni buzib kelgani ma’lum qilindi

2021 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik holati aniqlanib, korxonadan majburiy kompensatsiya to‘lovlari undirish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Foto: Videodan kadr

2022 yil 15 avgust kuni Qarshi shahridagi Shayxali mahallasida joylashgan terini qayta ishlash korxonasi havoga qo‘lansa hid chiqarayotganidan norozi bo‘lgan 43 yoshli fuqaro o‘zini yoqib yubordi. Hodisa yuzasidan Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi munosabat bildirdi.

Unda yozilishicha, Qarshi shahridagi “Qarshi Leather” MChJ xorijiy korxonasida ekologiya xodimlari tomonidan muntazam ravishda tasdiqlangan dastur asosida tabiatni muhofaza qilishga oid qonun va normativ huquqiy hujjatlar talablari ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘rnatilgan tartibda tegishli ruxsatnomalar asosida o‘rganish ishlari olib borilgan.

Jumladan, 2021 yil mart oyida iqtisodiy sudning hal qiluv qarori asosida korxonaga kiritilgan da’vo arizasi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik holati aniqlanib, 284 million so‘m majburiy kompensatsiya to‘lovlari undirish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Berilgan ekologik ekspertiza xulosasi talablarining bajarilishi, ifloslantiruvchi moddalarning me’yor darajasidan yuqori chiqqani va o‘rnatilgan talablariga rioya etilmagani bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik uchun keyingi o‘rganishlarda 346 million so‘m ma’muriy kompensatsiya to‘lovi ham hisoblangan.

O‘rganishlar yakunida korxonaga amaldagi qonunlarga to‘la rioya etish bo‘yicha bir necha bor majburiy ko‘rsatmalar berilgan. 2021 yil noyabr oyida viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan iqtisodiy sudga mazkur xorijiy korxona faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtincha to‘xtatish masalasida ariza kiritilgan.

Munosabatda yozilishicha, 2022 yil mart oyida “Qarshi Leather” MChJ korxonasi rahbari viloyat Ekologiya boshqarmasiga xat yuborib, korxona xitoylik investorlar tomonidan 2022 yil 1 mart kunidan noma’lum muddatga to‘xtatilgani, korxonaning suvlarini kanalizatsiya quvuriga qo‘yish bo‘yicha biror bir to‘siq va taqiqlar bo‘lsa ular tomonidan kiritilgan investitsiya mablag‘larini olib chiqib ketish hamda korxona faoliyati butunlay to‘xtatilishi aytilgan. Shuningdek, xatda korxonaning ish faoliyatini qayta tiklash uchun Qarshi shahar kanalizatsiya quvurining g‘arbiy nuqtasiga chiqindi oqova suvlarini quyishni ma’lum qilgan.

2021 yil oktyabr oyida mazkur xorijiy korxonadan aholi yashash maskanlariga yaqin bo‘lgan juda katta maydonga noqonuniy tashlangan chiqindi oqova suvlarini tozalash uchun viloyat hokimligi, viloyat IIB, viloyat Ekologiya boshqarmasidan ishchi guruh tuzilib, chiqindi suvlari tashlangan zovurlar katta mablag‘ hisobiga to‘liq tozalanib, ushbu zovur tuproq bilan ko‘mib tashlangan. Hozirda mazkur joylar obodonlashtirilib, futbol maydonchalari tashkil etilgan.

“Yuqoridagi xabar bo‘yicha viloyat ekologiya boshqarmasi mas’ullari tomonidan o‘rnatilgan tartibda, tadbirkorlik sub’yektini o‘rganish bo‘yicha vakolatli organlardan tegishli ruxsatnomalar olib, o‘z vakolati doirasida tezkor o‘rganishlar o‘tkaziladi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid
Top