18:51 / 03.09.2022
33314

Ramzan Qodirov Checheniston rahbari lavozimidan ketishiga ishora qildi

Foto: TASS

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov lavozimidan ketganiga ishora qildi. Qodirov bu borada o‘z Telegram-kanalida video e’lon qildi.

«Do‘stlar, bugun Rossiyadagi sub’yektlar rahbarlari orasida eng uzoq vaqtdan buyon ishlab kelayotganimni bildim. O‘zim ham ko‘p qolib ketganimni sezgandim. Uzoq muddatli ta’tilga munosibman deb o‘ylayman. Meni tushunasiz va qo‘llab-quvvatlaysiz degan umiddaman», deb yozdi Qodirov o‘z postida.

Postga video ham ilova qilingan, unda Qodirov fikrini davom ettirgan: «Hammaga assalomu alaykum, bu yana men, o‘z telefonimdan. Bugun Rossiyadagi sub’yektlar ichida eng uzoq vaqtdan buyon ilshlayotgan rahbar ekanimni bildim, 15 yildan buyon respublikani boshqarib kelaman.

Biz kavkazliklarda bir gap bor: mehmon qancha uzoq kutilgan va qadrli bo‘lmasin uning vaqtida ketgani yanada yoqimliroqdir. Shunday ekan mening ham vaqtim keldi deb o‘ylayman. O‘zlari meni haydab solishmasidan...

Qachondir yosh va tajribasiz edim. Yoshlik qayergadir ketdi, bilmayman qayerga. Vaqtida ketishga harakat qilaman», dedi Qodirov videomurojaatida.

Avvalroq Ramzan Qodirov Chechenistondagi harbiylar, huquqtartibot organi xodimlari hech qanday ta’til haqida o‘ylamasligi kerak ekani haqida gapirgandi. 1975 yilda tug‘ilgan Ramzan Qodirov 2007 yildan buyon Chechenistonga rahbarlik qilib keladi. U respublikaning birinchi prezidenti Ahmad Qodirovning o‘g‘li hisoblanadi.

 

Top