14:25 / 08.09.2022
14339

«Oltin to‘p» orzusi, Lebrondan o‘rnak olishi, Makron bilan suhbat – Mbappe katta intervyu berdi

Kilian Mbappe – so‘nggi kunlarning bosh qahramonlaridan biri. «Yuventus»ga qarshi o‘yindagi dubl evaziga u Chempionlar Ligasida 35 ta gol marrasiga eng tez (23 yoshu 260 kun) yetib olgan futbolchi bo‘ldi. Bu hatto Leo Messidan ham (23 yosh, 307 kun) tezroq.

Foto: Getty Images

Fransiyalik to‘purar yaqinda The New York Times gazetasiga intervyu berib, «Real»ga o‘tmagani, «Oltin to‘p» rejalari va hatto prezident Emmanuyel Makron bilan suhbati haqida gapirdi. Uning muhim joylaridan parchalar keltiramiz.

15 yoshida o‘zini Times jurnali muqovasiga joylashtirdi. To‘rt yil o‘tgach haqiqiy muqovada tasvirlandi

2014 yilda Mbappe hali «Monako» akademiyasida tahsil olayotganida murabbiylardan biri yosh futbolchilarga o‘z tasvirini qandaydir jurnal muqovasiga joylashtirishni so‘radi. Kilian mayda-chuydalarga vaqt sarflab o‘tirmadi va tasvirini mashhur Times jurnali muqovasiga joylashtirdi. Suratga «Maestro» deb imzo chekdi va bir necha sarlavhalarni o‘ylab topdi. Jumladan, uning xayolida Joze Mourino tez orada hujumchi porlashini, Dide Desham esa Fransiya milliy jamoasiga chaqirmoqchi ekanini aytdi.

Foto: Getty Images 

To‘rt yil o‘tgach, Mbappe Times jurnalining haqiqiy muqovasida paydo bo‘ldi.

«Aqlbovar qilmaydi, deydi Kilian. - 15 yoshimda barcha bolalar kabi ko‘p narsalarni orzu qilardim. Keyinchalik, hammasi haqiqatga aylandi. Bu juda zo‘r».

Emeriga shart qo‘ydi – yomon o‘yinlardan keyin zaxiraga olmaslik

Mbappe 2017 yilda ijara asosida «PSJ»ga o‘tganida bosh murabbiy Unai Emeri oldiga shart qo‘ygan: muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan so‘ng uni darhol zaxiraga o‘tkazmaslik. Agar ketma-ket bir necha o‘yinlarda gol urolmasagina zaxiraga olinishiga rozi bo‘lgan.

«U o‘sha paytdayoq karerasini rejalashtirib qo‘ygan edi. Oldin «PSJ» bilan besh yillik shartnoma imzolashini, keyin esa navbatdagi qadami haqida o‘ylashini aytdi», deydi Emeri bu haqda.

Foto: Getty Images 

Xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi va Lebrondan o‘rnak oladi

Kilianning xayriya jamg‘armasi bor, u kambag‘al bolalarga yordam beradi. Mbappe boshqa futbolchilarni ham bunga chaqiradi. Pandemiya paytida Markus Reshford Britaniyadagi bolalar va kambag‘allar uchun bir necha xayriya tadbirlarini o‘tkazgan edi. Kilian uning bu harakatlarini olqishlaydi.

Mbappe amerikalik basketbolchi Lebron Jyeymsdan biznes va xayriya ishlarida o‘rnak oladi. To‘rt yil oldin ular Nike kompaniyasi tadbirida tanishib olishgan. «Lebron meni ilhomlantiradi va dono maslahatlar beradi», deydi Kilian.

Pul uchun Parijda qolmaganini aytadi

Mbappening aytishicha, «Real» taklifini pul tufayli rad etmagan: «Chunki qaysi klubga borsam ham pulni olaman».

Biroq Mbappe kelajakda Madridda o‘ynashini inkor etmaydi: «Nima bo‘lishini hech qachon bilmaysiz. Men bu klubda o‘ynamaganman, lekin «Real» xuddi uyim kabi ko‘rinadi».

Foto: Getty Images 

Mbappe «PSJ» bilan shartnomani Makron tufayli ham uzaytirdi

Mbappe Fransiya prezidenti uning «PSJ»da qolish qaroriga ta’sir qilganini aytdi: «Men hech qachon Fransiya prezidenti bilan kelajagim haqida gaplashaman deb o‘ylamagandim. Bu juda aqldan ozdiradigan narsa.

U menga: «Fransiyada qolishingni xohlayman. Hozir ketishingni mavridi emas, sen mamlakat uchun juda muhimsan. «Real»ga o‘tish uchun hali vaqt bor, hozir esa shu yerda qol», dedi. Albatta, prezident bunday so‘zlarni aytganida, e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi».

Matbuotdagi ayblovlarni inkor qiladi

Kilian «PSJ» bilan yangi shartnomani imzolaganida ko‘plab imtiyozlarni so‘rab olganini inkor qiladi. Masalan, bosh murabbiy kim bo‘lishini muhokama qilish jarayonida ishtirok etish va hatto qaysi futbolchilar transfer qilinishi masalasida ovozga ega bo‘lish kabi.

«Bu mening ishim emas, deydi u. - Bunga aralashishni istamayman, chunki bu borada tajribali emasman. Men maydonda kuchliman. Maydondan tashqaridagi jarayonlar esa mening ishim emas. Buni mendan ham yaxshiroq eplaydigan odamlar ko‘p».

Foto: Getty Images 

Messi va Ronaldudan keyin «Oltin to‘p»larni qo‘lga kiritishni xohlaydi

«PSJ» bilan Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish Kilianning asosiy maqsadi bo‘lib qolmoqda. Lekin, albatta «Oltin to‘p» uchun ham da’vogar. Uning aytishicha, Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi vorisi bo‘lishga tayyor.

«O‘ylaymanki, yaqinda uni qo‘lga kiritsam kerak. Har doim buni orzu qilishimni aytganman. Orzuga chegara yo‘q. Ronaldu va Messi to‘xtaydi, ularning o‘rniga yangi avlod keladi. Bu tabiiy hol».

Foto: Getty Images 

Mbappe hayotidan mamnun, ammo nigohida qayg‘u alomatlari seziladi

Mbappe o‘zini oddiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi oddiy yigit deb hisoblaydi. U hayotidan mamnun, biroq, o‘smirlik paytidayoq omma e’tiboriga tushgan, yoshligidanoq mashhur bo‘lib olgan futbolchining nigohida qayg‘u seziladi. Hozir uning ko‘p sonli yordamchilari, tansoqchilari bor. Kilian ularsiz hech qayerga borolmaydi.

«Bu men orzu qilgan hayot, bundan baxtiyorman. Shukr qilaman. Ba’zan, boshqa odamlar oddiy narsalar qilayotganini, masalan, ko‘chada muzqaymoq yeb borayotganini ko‘rib, qayg‘uga botaman. Ba’zan o‘zim ham ko‘chaga chiqib, bemalol sayr qilishni istayman. Biroq, buning ilojsiz ekanini tushunaman. Afsuslanadigan yagona narsam bor – erta ulg‘ayganim», deydi u.

Mavzuga oid
Top