17:06 / 08.09.2022
9803

Toshkentda jahon parlamentlarining ayol rahbarlari sammiti boshlandi

Sammitda xalqaro tashkilotlar vakillari va 17 ta davlatdan 120 dan ortiq parlamentariy ishtirok etmoqda. Anjumanning maqsadi – gender masalalari va xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

18 sentabr kuni Toshkentda jahon parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti o‘z ishini boshladi.

Unda BMT, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar vakillari hamda 17 ta davlatdan 120 dan ortiq parlament a’zolari ishtirok etyapti.

Parlamentlararo ittifoq va Oliy Majlis Senati hamkorligida tashkil etilgan anjuman “Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali ta’minlashda xavf-xatarlarni baholash” mavzusiga bag‘ishlangan.

Anjumanni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.

“Bugungi anjuman birinchi marta O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. Butunjahon parlament ayol rahbarlariga shu munosabat bilan 14-sammitda ishtirok etayotganliklari uchun samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman.

Nufuzli xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya davrida aynan xotin-qizlar ko‘proq aziyat chekkan. Jumladan, mehnat bozorida mehnat qilayotgan ayollarning 5 foizi ishsiz qoldi, oilalarda yuzaga kelgan murakkab vaziyat ortidan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari ko‘paydi, ularning iqtisodiy va ijtimoiy holati yomonlashishi ortidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklar soni ortdi. Shunday og‘ir sharoitda xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlari, bir-biriga xayrixohliklari natijasida vaziyat ancha yaxshilandi”, – dedi Norboyeva.

Senat raisi anjumanda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarni, xususan, yangi xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha konstruktiv takliflar ishlab chiqish, ularni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni belgilab olish maqsad qilinganini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Anjuman ishi “Pandemiyadan keyin global tiklanishga to‘sqinlik qiladigan xavflarni bartaraf etish” mavzusida davom etdi.

Mavzuga oid
Top