12:36 / 26.09.2022
3469
Aziz Abduhakimov Tokioda JICA prezidenti bilan uchrashdi

​​​​​​​O‘zbekistondagi madaniy meros obidalarini asrash va raqamlashtirishda Yaponiyaning JICA agentligi bilan hamkorlik qilishga kelishildi.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Tokio shahrida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiro Tanaka bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov ham qatnashdi.

Tomonlar turizm va madaniy meros sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Aziz Abduhakimov qator sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalarni muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun JICA rahbariyatiga minnatdorchilik bildirgan holda, birinchi navbatda O‘zbekiston prezidentining 2019 yilning dekabrida Yaponiyaga tarixiy tashrifi ahamiyatini alohida ta’kidlab, bu O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarida ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berganini qayd etdi.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonning turistik darvozasi hisoblangan Samarqandda sayyohlik sohasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati

Akixiro Tanaka, o‘z navbatida, O‘zbekistondagi islohotlar fonida turizm, madaniy meros va ta’lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar Buyuk ipak yo‘li madaniy merosini asrash va uning raqamli arxivini yaratish, muzeylardagi eksponatlarni raqamlashtirish va u yerda faoliyat yurituvchi xodimlar malakasini oshirish, tarixiy obektlar restavratsiya va konservatsiyasini o‘tkazish, uzoq tog‘li va cho‘l hududlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va bunda yaponiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonda ishlashga jalb qilish kabi masalalarni muhokama qilishdi.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida charter dasturni amalga oshirish orqali Yaponiyadan O‘zbekistonga sayohat qiluvchi turistik oqimni oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar YuNeSKO ko‘magida O‘zbekistondagi tarixiy obidalarni restavratsiya va konservatsiya qilish, uzoq hududlarda turistik infratuzilmani takomillashtirish hamda umrining katta qismini arxeologik va madaniy merosni tadqiq qilishga bag‘ishlagan marhum Kato Kyudzu xotirasiga Surxondaryo viloyatida memorial kompleks yaratishga kelishishdi.

Shu bilan birga, O‘zbekistondagi madaniy meros yodgorliklarini raqamlashtirishga oid loyihalarni davom ettirish hamda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish orqali ikki tomonlama madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga oid kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida JICA rahbari 2023 yilda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining o‘tkazilishiga O‘zbekistonning tanlangani mamlakatning turizm sohasidagi islohotlarining samarasi e’tirofidan dalolat berishini ta’kidlab, uni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Mavzuga oid
Top