O‘zbekiston | 10:00 / 15.01.2023
82379
6 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda qishki ta’til yana uzaytirilmoqda. So‘nggi ma’lumotlar

Yetti viloyat hokimliklari va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i kengesi maktablarda darslar 18 yanvardan boshlanishini ma’lum qildi.

Respublikada birinchi bo‘lib havo sovuqligi tufayli o‘quvchilar qishki ta’tildan kechroq qaytishiga ruxsat bergan Farg‘ona viloyati hokimligi yana birinchi bo‘lib bu muddatni 18 yanvarga qadar uzaytirdi.

«Farg‘ona viloyati maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlariga asoslanib, viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, Farg‘ona viloyatidagi 975 ta umumta’lim maktablarida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda hamda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi. 

O‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi», deyiladi xabarda.

Buxoro viloyati hokimligi ham Farg‘onadan o‘rnak olib, qishki ta’tilni 16 yanvarga ko‘chirgandi. Endilikda bu viloyatda ham o‘qish 18 yanvardan boshlanadigan bo‘ldi.

«Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlariga asoslanib, viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, Buxoro viloyatidagi mavjud umumta’lim maktablari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi.

O‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi», deyiladi xabarda.

Sirdaryo viloyatida ham maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida ta’til muddati uzaytirildi.

«Yurtimizda sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, avvalo, o‘quvchilarning salomatligi, qolaversa, ularning ta’lim muassasasiga qatnashida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni inobatga olgan holda viloyatdagi mavjud 325 ta maktab va 199 ta bog‘chada dars hamda mashg‘ulotlar 18 yanvardan boshlanishi belgilandi.

O‘qishni boshlashning aniq muddatini belgilash qarori nafaqat ta’lim muassasalari ma’muriyati, balki ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilindi», deyilgan viloyat hokimligi xabarida.

Xorazm viloyati maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 2023 yil 18 yanvarga qadar uzaytirilgani haqida xabar berdi.

«Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlariga asoslanib, viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotgani tufayli Xorazm viloyatidagi barcha umumta’lim maktablari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 2023 yil 18 yanvarga qadar uzaytirildi. O‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi», deyiladi xabarda.

Bungacha ushbu viloyatdagi maktablarda qishki ta’til 16 yanvargacha uzaytirilgandi.

Namangan viloyatidagi barcha bog‘cha, maktab va OTMlarda qo‘shimcha ta’til 18 yanvargacha uzaytirildi.

«Viloyatimiz hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, Namangan viloyatidagi 710 ta umumta’lim maktablarida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda, barcha maktabgacha ta’lim muassasalari hamda Oliy o‘quv yurtlarida qo‘shimcha ta’til 18 yanvarga qadar belgilandi. O‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi», deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Andijon viloyatida ham ta’lim muassasalarida ta’til uzaytirilgani ma’lum qilindi.

«Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotgani tufayli Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til 2023 yil 18 yanvarga qadar uzaytirildi. 

O‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanishi rejalashtirilmoqda», deyiladi xabarda.

Toshkent viloyati hokimligi ham boshqa hududlarga qo‘shildi.

«Viloyatimizdagi umumta’lim maktablarida 12 yanvardan bosqichma-bosqich o‘qishlar boshlangan edi. 

Havo haroratining keskin pasayib ketishi natijasida, maktablarda davomat tushib ketgani, qo‘shimcha ravishda tug‘ilayotgan ayrim noqulayliklar joylarda maktab ota-onalar kengashlarining vakillari ishtirokida muhokama qilindi, maslahatlashildi. 

Yuzaga kelgan sharoitdan kelib chiqib, Toshkent viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida ta’tillar vaqti uzaytirildi. O‘qishlar 18 yanvardan boshlanishini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha maktablarda va bog‘chalarda, shuningdek oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida qishki ta’til yana o‘zaytirildi.

Bu yerda ham o‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar kunidan boshlanadi.

Qolgan hududlar hozircha o‘zgarishlar haqida rasman xabar bermagan.

Eslatib o‘tamiz, 5 yanvar kuni O‘zbekiston bo‘ylab kutilayotgan sovuq havo munosabati bilan barcha ta’lim muassasalari uchun ta’til 17 yanvarga qadar uzaytirilgandi. 10 yanvar kuni esa hukumat viloyat hokimliklariga ob-havo va muayyan hududlar hamda ta’lim muassasalaridagi sharoitga qarab ta’til jadvalini mustaqil belgilashga ruxsat bergani ma’lum bo‘ldi.

10 yanvardan 11 yanvarga o‘tar kechasi aksariyat viloyatlar hokimiyati 11 yanvardan maktabda o‘qish qayta tiklangani haqida e’lon qildi. Faqat Farg‘ona viloyati hokimligi darslar 16 yanvardan boshlanishini (yana bir necha hududlar 12 yanvardan) ma’lum qildi.

«Yuksalish» umumxalq harakati yangi hafta oldidan maktab va bog‘chalarni ochishga shoshilmaslikka chaqirdi. Biroq hududlarda bu tavsiyaga e’tibor qilinmadi.

11 yanvar kuni esa maktablarga deyarli hech kim kelmadi. Shundan keyin hokimliklar maktab boshlanishi 16 yanvarga qoldirgani haqida xabar bera boshlagandi.

Mavzuga oid