Iqlim o‘zgarishlari sababli O‘zbekistonda avvalgidek mo‘’tadil ob-havo o‘rniga yozda ham, qishda ham noodatiy ob-havo kuzatilyapti. O‘tgan qish faslida ob-havoning keskin ravishda sovib ketishi bois energetika tizimiga yuklamalar ancha ortdi. Ortiqcha bosim oqibatida soha infratuzilmasiga jiddiy putur yetdi, transformatorlar va o‘tkazish liniyalari yonib ketdi, podstansiyalar ishdan chiqdi.

Energetika vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarmida respublika miqyosida 748 ta transformator almashtirilgan, 7 548 ta transformator ta’mirdan chiqarilgan, 2 940 km o‘tkazish liniyalari yangilangan, 22 112 km elektr uzatish tarmoqlari ta’mirlangan, 1 257 ta podstansiya esa yuqori texnologik usulda qayta jihozlangan.

Bu yil qishda ham energetik inqiroz bo‘ladimi?

Energetika vazirligi mutaxassislarining ta’kidlashicha, bu bir nechta obektiv hamda sub’yektiv holatlarga bog‘liq. Biroq o‘tgan yildagidek qish bo‘lsa ham, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida chuqur energetik inqiroz yuz bermaydi.

O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli barqaror o‘sib bormoqda. Masalan, so‘nggi 5 yilda aholining elektr iste’moli hajmi 150 foiz (ya’ni o‘rtacha 1,5 baravar) – 11 milliard kWh'dan 16 milliard kWh'ga, iqtisodiyot tarmoqlarining iste’moli esa jami 12 foiz – 38 milliard kWh'dan 43 milliard kWh'ga o‘sdi.

Bugungi kunda respublikada elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati soatiga 18,1 GW bo‘lgani holda, amalda uning 16,2 GW'dan foydalanilmoqda, xolos. Bunda issiqlik elektr stansiyalarining mavjud quvvati soatiga 15,6 GW'ni, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalanilayotgani esa soatiga 13,8 GW'ni tashkil etadi.

“Bu holat ancha eskirib qolgan infratuzilmaga ham yuklamani kuchaytirmoqda. Oxirgi qishdagi anomal sovuqlar vaqtida bu yaqqol yuzaga chiqdi. Elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi oqibatida vujudga kelgan kattagina yuklama 3 mingdan ziyod transformatorlarning ishdan chiqishi hamda ko‘plab podstansiyalardagi jiddiy muammolarga sabab bo‘ldi. Mavjud muammolarni hal qilish uchun esa katta mablag‘ kerak. Hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr tarmoqlarini yangilash uchun yaqin 5 yilda 3,7 milliard dollar kerak bo‘ladi”, deyiladi Energetika vazirligining Kun.uz’ga taqdim qilgan ma’lumotlarida.

Tariflarni erkinlashtirmay, sohaga investorlarni jalb qilib bo‘lmaydi

2026 yilga qadar umumiy quvvati 740 MW bo‘lgan yana 20 dan ortiq gidroelektrstansiyalar qurish, 2030 yilgacha esa 130 ming kilometr elektr tarmoqlari va 40 mingdan ziyod transformatorlarni yangilash ko‘zda tutilmoqda. Amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur tadbirlar uchun yirik moliyaviy resurslar talab qilinadi. Elektr energetika tarmog‘ining zarar ko‘rib ishlayotgani esa bunday loyihalarni ro‘yobga chiqarish va ham xususiy, ham xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni qiyinlashtirmoqda.