G‘azo sektoridagi urush paytida Isroil armiyasi (TsAHAL) Falastinning HAMAS guruhi jangchilarining atigi 20-30 foizini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu shuni anglatadiki, Isroil shu paytgacha HAMASni yo‘q qilish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erisha olmagan, shuningdek, G‘azo sektorini vayronalarga aylantirgan bir necha oylik urushdan keyin guruhning chidamliligini namoyish etmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal (WSJ) 21 yanvar, yakshanba kuni Amerika razvedka manbalariga tayanib. 

AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, HAMASning Isroil va G‘azo sektoridagi Isroil askarlarini ko‘p oylar davomida nishonga olish uchun yetarlicha o‘q-dorilari bor. Bundan tashqari, HAMAS G‘azo shahrining ayrim hududlarida politsiyani tiklashga harakat qilmoqda.

Isroil rasmiylari, shuningdek, G‘azo sektorida minglab tinch aholining hayotiga zomin bo‘lgan agressiv harbiy amaliyotga qaramay, Isroil HAMASni yo‘q qila olmaganini, uning jangchilari hozirda o‘z taktikasini kichik guruhlarda harakat qilish va askarlarni pistirmaga olishga moslashtirganini tan oldi. 

AQSh urush bo‘yicha o‘z taxminlarini o‘zgartirdi 

Ayni paytda, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati G‘azo sektoridagi urush bo‘yicha taxminlarini o‘zgartira boshladi. Oq uy endi HAMASning yo‘q qilinishini kutmayapti, faqat undan tahdid kamayishini istayapti, deya qayd etadi WSJ. Bayden ma’muriyati Isroilni HAMAS rahbariyatiga qarshi ko‘proq aniq maqsadli operatsiyalarga e’tibor qaratishga chaqirmoqda. 

WSJ suhbatdoshlariga ko‘ra, HAMASning omon qolishi Isroil, Falastin hududlari va dunyoning boshqa qismlarida Isroil armiyasining o‘zining urush maqsadlariga erisha olishiga shubha uyg‘otgan. HAMAS minglab jangchilarini yo‘qotgan bo‘lsa-da, hozir shunchaki urushdan omon qolishga harakat qilmoqda, deydi Isroilning yuqori martabali harbiy amaldori. «G‘alaba qozonish shart emas, mag‘lub bo‘lmaslik kifoya», deb tushuntirdi u. 

HAMAS va Isroilning yo‘qotishlari 

AQSh hisob-kitoblariga ko‘ra, urushdan oldin politsiya va boshqa xavfsizlik kuchlaridan tashqari HAMASda 25 000 dan 30 000 gacha jangchi bo‘lgan. Isroil harbiylarining aytishicha, urush boshlangandan beri G‘azo sektorida 9 mingga yaqin hamaschi o‘ldirilgan. 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi chog‘ida yana mingga yaqin jangchi yo‘q qilingani aytiladi.