21:35 / 09.03.2024
24663

Metanni qaytargan bahor, asrab qolingan ko‘l va ekostikerlar - hafta dayjesti

Avtomobillarga uch xil rangdagi ekologik stikerlar beriladi. Noqonuniy daraxt kesganlar endi boshqacha jazolanadi. Jamoatchilik Farg‘onadagi ko‘lni hokim va tadbirkorning “hamlasi”dan asrab qoldi. Bola tug‘ilganda endi har doim ham suyunchi puli berilmaydi. O‘tgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Sovuq qish nihoyat ortda qolib, uch hafta ichida birinchi marta metan-shoxobchalarda navbatlar kamaygani – millionlab o‘zbekistonliklar o‘z hayotida bevosita guvoh bo‘lgan haftaning eng asosiy voqeasi bo‘ldi. 7 mart kuni Energetika vazirligi butun respublika bo‘ylab barcha metan-shoxobchalari ochilishini e’lon qildi. Vazirlik axborotiga ko‘ra, bu – tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani bilan bog‘liq. Oddiyroq aytganda esa, shunchaki bahor boshlanib, kunlar ancha ilidi.

Qishdan oldin energetika tizimi mas’ullari gaz va elektr tarmoqlari har qanday ob-havo sharoitiga tayyor qilib qo‘yilganini aytgan bo‘lsa-da, amalda butun qish davomida ta’minotning barqarorligi havo haroratiga bog‘liqligicha qoldi. Qish fasli uchun odatiy darajadagi sovuq kunlarda ham metan-shoxobchalar ish vaqti cheklandi yoki butunlay yopildi, hududlarda elektr energiyasini shaxmat tartibida o‘chirish davom etdi.

Shu o‘rinda bu yilgi qish kutilganidek ancha iliq kelganini ham aytish kerak. O‘zgidrometga ko‘ra, o‘tgan uch oyda harorat iqlimiy me’yorlardan 1,5–2,6 daraja yuqori bo‘lgan. Ayniqsa yanvar oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirgan. 2024 yilning fevralidagi harorat O‘zbekistonda me’yoriy darajada, dunyo miqyosida esa barcha kuzatuvlar tarixidagi eng issiq fevral sifatida tarixga kirdi.

Avtomobillarga ekologik stikerlar beriladi

O‘zbekistonda avtomobillar ekologiyaga zarari darajasidan kelib chiqib “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga bo‘linadi. Xuddi shunday, shaharlardagi hududlar ham uchta toifaga bo‘linib, atrof-muhitga zarari yuqori avtomobillarning muayyan zonalarga kirishi cheklanadi. Bu haqdagi rejalar 5 mart kuni davlat rahbariga taqdimot qilindi.

Taqdimot Toshkentning Fayzobod mahallasidagi sobiq ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida bo‘lib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda avtomobillarga davlat raqami va texpasport berish jarayoni yangicha tarzda yo‘lga qo‘yilgan va soddalashtirilgan. Asosiy yangilik esa, ro‘yxatdan o‘tkazish davomida avtomobillardan chiqayotgan zaharli moddalar miqdori ham tekshiriladi va tekshiruv natijasidan kelib chiqib, “qizil”, “sariq” yoki “yashil” ekostiker beriladi. Ichiga chip o‘rnatilgan bu stiker avtomobilning old oynasiga yopishtiriladi.

Bundan maqsad – kelgusida shaharlardagi hududlarni bir nechta ekologik zonalarga bo‘lish va transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari miqdoriga qarab ayrim zonalarga kirishini bosqichma-bosqich cheklash taklif qilinyapti. Ya’ni “qizil” stikerli avtomobil shaharning “sariq” va “yashil” zonalariga, “sariq” stikerli avtomobil esa “yashil” zonalarga kira olmaydi. Haydovchilarning bunga rioya qilishi ko‘chalardagi kameralar yordamida avtomatik tarzda nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik natijasida kelib tushadigan jarimalar hududning ekologik holatini yaxshilash choralari uchun sarflanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yildan boshlab Ai-80 benzinidan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovga ko‘ra, Toshkent shahri havosidagi PM2,5 zarralarining 60-65 foizi aynan Ai-80 benzinida yuradigan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ma’lum qilinishicha, avtomobillarning atmosferaga zararini baholash ishlari yo‘l-harakati xavfsizligi xizmatining respublika bo‘ylab 300 ta joylashuv nuqtasida amalga oshiriladi. Bu ishlar qachondan boshlanishi hozircha ma’lum emas.

Daraxtkesarlik uchun yangi jazolar

Noqonuniy tarzda daraxt kesganlik uchun belgilangan jarima 5 barobarga oshirildi. Prezident imzolagan qonunga ko‘ra, endilikda bunday holatlarda huquqbuzar fuqarolar 8,5 mln so‘mdan 17 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar esa 17 mln so‘mdan 25,5 mln so‘mgacha ma’muriy jarimaga tortiladi. Huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori bir necha barobarga oshadi yoki daraxtkesar 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinadi.

Bundan tashqari, huquqbuzarlarga har bir kesilgan qimmatbaho daraxt uchun 100 tup daraxt ekish va ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati yuklatildi. Asosiysi, ular yangi daraxtlarni boshqa joyda emas, aynan qayerdagi daraxtni qulatgan bo‘lsa, o‘sha yerda ekib ko‘kartirib berishi kerak. Ya’ni, qonun talabiga ko‘ra, qayerdadir 5 ta daraxt noqonuniy kesib ketilsa, aybdor shaxslar jarima to‘lashdan tashqari, o‘sha joyda 500 ta daraxt ekishi va ularni 3 yil parvarish qilib berishi kerak.

Qonunning yana bir bandiga asosan, yuridik shaxslar uchun ham alohida moliyaviy sanksiya joriy etiladi. Bunda, qimmatbaho daraxt va buta navlarini noqonuniy kesib tashlagan tadbirkorlarga 34 mln so‘mdan 102 mln so‘mgacha jarima solinadi. Qimmatbaho daraxtlarning kesilishiga olib kelgan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan shaxslar esa 5,1 mln so‘mdan 8,5 mln so‘mgacha ma’muriy jarimaga tortiladi.

Farg‘onadagi “Yoshlar ko‘li” saqlab qolindi

Aytib o‘tganimizdek, qimmatbaho daraxtni qo‘porib tashlab, o‘rniga bino qurish haqida loyiha ishlab chiqqan shaxslar uchun javobgarlik belgilandi. Lekin yam-yashil daraxtzor yerni qurilish qilish uchun berib yuborgan yoki auksionga chiqargan mansabdorlarga hozircha hech qanday javobgarlik yo‘q. Umuman, mansabdorlarga jazo yo‘qligi masalasiga bu hafta Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov yaxshi misol bo‘la oladi. U prezident farmonini ochiqchasiga aylanib o‘tib, Farg‘ona shahridagi ulkan bir ko‘lni butkul yo‘q qilish haqida qaror chiqardi. Kun.uz surishtiruvidan keyin qaror bekor qilingan bo‘lsa ham, hokimning harakatlariga na huquqiy, na siyosiy baho berish masalasi kun tartibida emas.

Gap shundaki, hokimlardan yer ajratish vakolati olib qo‘yilganiga 2 yildan oshdi. Shunga qaramay, Farg‘ona viloyati hokimi 29 yanvar kuni qaror chiqarib, Farg‘ona shahridagi “Yoshlar ko‘li” joylashgan joyni ochilganiga hali 1 oy ham bo‘lmagan firmaga tortiq qilib yubordi. Hujjatga ko‘ra, “Unays building” nomli kompaniya ko‘lning o‘rnida mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va albatta ko‘p qavatli turar joylar qurishi kerak edi.

Surishtiruv e’lon qilinib, holatga jamoatchilik faol reaksiya bildirgach, “Yoshlar ko‘li” xalqqa qaytarib beriladigan bo‘ldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ko‘ra, bu jarayonda qonunchilik talablari buzilgan, ko‘l sport maktabining balansiga o‘tkaziladi. Ko‘lning yopiq eshiklar ortida 24 kunlik firmaga berib yuborilgani, shu sanoqli kunlar ichida firmaning ta’sischilari ham o‘zgarishga ulgurgani, hokimning vakolat doirasidan chiqqani kabi masalalarga esa huquq organlaridan munosabat bo‘lganicha yo‘q.

Oltin narxlari tarixiy rekordlarni yangilamoqda

Jahonda oltin narxlari mutlaq rekord darajada ko‘tarilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu – eng yirik markaziy banklarning foiz stavkalarini tushirish rejalari, geosiyosiy vaziyat, bu yil ko‘plab katta davlatlarda saylovlar bo‘lishi kabi omillar bilan bog‘liq. Global tendensiyaga muvofiq O‘zbekistondagi oltin quymalarning narxlari ham hafta davomida ketma-ket to‘rt kun yangi rekordlarni qayd etdi. Quymalar narxlari oxirgi 1 oyda salkam 6 foizga qimmatlashdi.

Oltinning eng asosiy eksportyorlaridan biri bo‘lmish O‘zbekiston uchun narxlarning oshishi budjetga rejadan tashqari bir necha yuz million dollar qo‘shimcha daromadni anglatadi. Boshqa tomondan esa, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, davlat budjetining daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi juda katta farq hali ham saqlanib qolyapti. Yanvar-fevral oylarida budjet taqchilligi 13 trln so‘mga yetgan. Ma’lumot uchun, 2024 yilgi davlat budjeti jami 10 trln so‘mlik defitsit bilan tasdiqlangan edi.

Davlat budjeti haqida gap ketganda, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti shu hafta e’lon qilgan raqamlarni keltirib o‘tishimiz juda o‘rinli. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistondagi jami 10 522 ta maktabning 70 foizi kanalizatsiya tarmog‘iga ulanmagan. Har 3 ta maktabning bittasida ichimlik suvi yo‘q. Maktablarning 28 foizi internetga ulanmagan, 21 foizida esa sport zali mavjud emas. Yana 36 foiz maktabda ovqatlanadigan joy yo‘q. O‘rinlar yetishmasligi sababli maktablarning 73 foizida ikkita smenali o‘qish tashkil etilgan. 451 ta maktab esa avariya holatida.

O‘zbekiston – xalqaro reytinglarda

AQShda joylashgan Sapien Labs notijorat tashkiloti ruhiy salomatlik bo‘yicha o‘zining to‘rtinchi yillik hisobotini e’lon qildi. Unda ilk marta O‘zbekiston ham kiritilgan va e’tiborlisi, mamlakatimiz 71 ta davlat orasida ruhiy salomatlik darajasi bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda qayd etilgan. Tadqiqotga ko‘ra, har uch nafar o‘zbekistonlikdan biri ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekayotgan bo‘lishi mumkin.

Mualliflarning ma’lum qilishicha, bu reyting 71 ta mamlakatdan salkam 420 ming kishini qamrab olgan anonim onlayn so‘rovlar asosida tuzilgan. So‘rovda O‘zbekistondan necha kishi ishtirok etgani ma’lum emas, faqat shunisi ma’lumki, unda rus tilini biladigan vatandoshlarimiz qatnashgan, chunki so‘rovnomaning O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan versiyasi rus tilida bo‘lgan.

Reytingga ko‘ra, O‘zbekistondagi ruhiy farovonlik darajasi Buyuk Britaniyaniki bilan deyarli teng. Lekin bu tadqiqot natijalarini shubha ostiga olish uchun bir nechta asoslar bor. Xususan, BMT va boshqa bir nechta jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi nufuzli tadqiqot markazlari tomonidan har yili tuziladigan Jahon baxtiyorlik indeksiga ko‘ra, 2023 yilda aholining baxtlilik darajasi bo‘yicha mamlakatimiz 137 ta davlat orasida 54-o‘rinda, Buyuk Britaniya esa 19-o‘rinda qayd etilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston inson huquqlariga oid reytinglarda hamon quyi o‘rinlarda qolyapti. Freedom House bu yilgi hisobotida ham O‘zbekistonni “erkin bo‘lmagan” davlatlar qatorida qoldirdi. Yangilangan reytingda O‘zbekistondagi erkinlik darajasi 100 balldan 12 ballga baholangan. Mamlakatimizga fuqarolik erkinliklari bo‘yicha 60 balldan 10 ball, siyosiy huquqlar bo‘yicha esa 40 balldan 2 ball berilgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Samarqandda to‘rt nafar egizak dunyoga keldi. E’tiborlisi, birdaniga 1 qiz va 3 o‘g‘illi bo‘lgan Munisa Bekmirzayeva va Farrux Po‘latovlar oilasi farzandli bo‘lishni 10 yil kutishgan. Shifokorlarga ko‘ra, 29 yoshli ona hamda chaqaloqlarning umumiy ahvoli qoniqarli. Ma’lum qilinishicha, tug‘uruq operatsiyasi o‘tkazilgan Ona va bola markazining Samarqand viloyati filialida yil boshidan beri o‘nga yaqin holatda uch egizak, ikkita holatda to‘rt egizak dunyoga kelgan.

Bola tug‘ilganda “suyunchi puli”ni berish tartibi o‘zgarmoqda. Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 apreldan boshlab, bir martalik nafaqa puli birinchi farzandini dunyoga keltirgan barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun esa faqat ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga beriladi. Uchinchi va undan keyingi farzandlar uchun “suyunchi puli” berilmaydigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa miqdori hozirda 738 ming so‘mni tashkil etadi.

Amerikaga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi. Ularning ko‘pchiligi AQShga Meksika orqali kirib borgan. Dekabr oyida ham 119 kishi qaytarilgan edi. AQSh elchixonasining 3 mart kuni ma’lum qilishicha, shtatlardan noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish davom etadi. Elchixona o‘zbekistonliklarni AQShga faqat qonuniy yo‘llar bilan borishga, jinoiy guruhlarning yolg‘on va’dalariga ishonib qolmaslikka chaqirdi. Bu bilan bir vaqtda, AQSh Qirg‘iziston fuqarolari uchun sayohat va ishbilarmonlik vizalari muddatini 5 yildan 10 yilga uzaytirgani e’tiborga molik. Ma’lumot uchun, bu turdagi vizalar o‘zbekistonliklarga uzog‘i 1 yilga beriladi.

Andijon shahrining sobiq hokimi Bahromjon Haydarov vafot etdi. U Toshkentda, mahkumlar kasalxonasida davolanayotgan bo‘lgan, 5 martga o‘tar kechasi kasalxonaning terapiya bo‘limida vafot etgan. Ombudsmanning ma’lum qilishicha, marhumga yurak-qontomir tizimi kasalliklari tashxisi qo‘yilgan. Haydarov 2022 yil oxirida korrupsion jinoyatlarda ayblanib 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

“Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” xususiylashtirildi. Zavodni sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli “Petroleum Technology Group” MChJ sotib olgan. Bu kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik benzin shoxobchalari tarmog‘i – UNG Petro'ni ham yopiq tarzda xususiylashtirib olgan edi. Bu oldi-sotdi jarayonlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmadi. Eslatib o‘tamiz, xususiylashlashtirish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, aktivlarni davlat tasarrufidan chiqarishda oshkoralik va raqobat asosiy prinsiplar qatorida ko‘rsatilgan.

Top