O‘zbekistonliklar yoppasiga toza havo izlayapti: havo filtrlariga talab Katta bo‘ron paytidagi darajaga yetdi. Tibbiyot xodimlari uchun imtiyozlar to‘plami: davlat xususiy sektor bilan raqobatlashishga majbur bo‘lyapti. Islomiy bank ochishga ruxsat beriladi: uzoq tayyorlangan qonun nihoyat qabul qilindi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Havo tozalagichlar bozorida “bum”

2021 yil noyabr oyida Toshkentda ro‘y bergan dahshatli chang bo‘roni esingizdami? O‘shanda hatto eshik-derazalari mahkam yopilgan uy ichida ham nafas olib bo‘lmay qolgandi. Natijada, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir kun ichida poytaxtda yashovchi 700 ga yaqin kishi nafas qisishi sabab tez yordamga murojaat qilgan. Oradan bir necha kun o‘tib, poytaxtliklar yana bir ayanchli hodisa – changga bo‘kkan iflos qor yog‘ishiga ham guvoh bo‘lgan edi.

O‘zbekiston aholisining iflos havo sabab o‘zi va yaqinlari sog‘ligidan tashvishlanish darajasi o‘shanda eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. Lekin vaziyat taqozosi bilan, so‘nggi kunlarda odamlarimiz orasida xuddi o‘sha paytdagidek ommaviy xavotir yana kezib yuribdi. Google statistikasiga qaraganda, bu hafta o‘zbekistonliklarning “ochistitel vozduxa” (havo tozalagich) so‘zini internetda qidiruvga berish ko‘lami – 2021 yil noyabr oyining birinchi haftasi darajasigacha ko‘tarilgan. Boshqacha aytganda, o‘sha dahshatli chang bo‘roni paytida qancha odam havo tozalagichga qiziqqan bo‘lsa, bugun ham kamida o‘shancha, ehtimoldan undan ham ko‘proq vatandoshimiz bu texnikani sotib olish niyatida yuribdi.