9 oktabr kuni Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronga Fransiyaga taklifi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.

O‘zbekiston ishonchli va istiqbolli sherik bo‘lgan Fransiya bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotgani alohida ta'kidlangan.

«Fransiya davlatimiz rahbari rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropadagi birinchi mamlakat ekanini qayd etib, ikki mamlakatni buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI davridan buyon o‘rnatilgan o‘zaro hurmat va savdo aloqalari bog‘lab turganiga e'tibor qaratdi.   

O‘zbekiston Fransiyani dunyoning yetakchi davlatlaridan biri, ulkan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar salohiyatga ega mamlakat deb biladi. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli Harakatlar strategiyasi Fransiya rahbarining siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya, qonun ustuvorligi va odil sudlovni ta'minlash, inson huquqlarini himoya qilish, hokimiyat organlari faoliyatini xalq va davlat manfaatlariga xizmat qilishga yo‘naltirishga oid islohotlar dasturiga o‘xshash ekani ta'kidlandi», deyiladi xabarda. 

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish muhimligini qayd etishdi.

Fransiya prezidenti O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlayotganini tasdiqladi hamda mamlakatimiz rahbariyatining do‘stlik, o‘zaro manfaatli sheriklik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuksak baholadi. 

Ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishga doir yondashuvlari yaqin yoki mos ekani ta'kidlandi.

O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoning tinch va izchil taraqqiyotini ta'minlash maqsadida o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotgani alohida ta'kidlandi. 

Davlat rahbarlari mintaqada tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashning muhim sharti sifatida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini yana bir bor ta'kidlab, bunda oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan mojaroning barcha tomonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy muloqotni ta'minlash ushbu muammoni hal etishning birdan bir yo‘li ekanini qayd etishdi.