Gʻazoda 500 ming kishiga yordam toʻxtatildi

BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi mablagʻ yetishmasligi sababli Gʻazo sektoridagi oziq-ovqat yordamini qisqartirishga majbur boʻldi. Tashkilotning 19-oktabr kuni maʼlum qilishicha, oylik yordam oluvchilar soni 1,6 milliondan 1,1 million kishiga tushiriladi. Natijada 500 mingga yaqin kishi yordamsiz qoladi.

Qisqartirishlar boshqa yordam turlariga ham taʼsir qilmoqda. Oziq-ovqat ulushlari ikki baravar kamaytirildi, 75 ming oilaga beriladigan naqd pul yordamining miqdori esa 40 foizga qisqardi. Ovqat pishirish imkoni yoʻqlarga tarqatiladigan issiq ovqatlar soni 250 mingdan 150 mingga tushdi. Borish qiyin hududlardagi ayrim oilalar esa endi issiq ovqatni kunora oladi.

Tashkilot qisqartirishlarni moliyaviy tanqislik bilan izohlamoqda: Gʻazo va Gʻarbiy sohildagi muhim operatsiyalarni keyingi olti oy davomida davom ettirish uchun zudlik bilan 450 million dollar kerakligi maʼlum qilindi.

Gʻazoda ocharchilik xavfi hamon saqlanib qolmoqda. BMT idorasi maʼlumotlariga koʻra, sektor aholisining uchdan ikki qismi, yaʼni 1,4 million kishi oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha inqiroz darajasida yashamoqda. Ulardan 200 mingga yaqini favqulodda vaziyatda. AQSH vositachiligida 2025-yil oktabrda sulh imzolangan boʻlsa-da, Isroil zarbalari davom etmoqda. Yordam yetkazib berish esa cheklanganicha qolmoqda.

Ukraina-AQSH kelishmovchiligi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH maʼmuriyatini havo hujumidan mudofaa raketalarini yetkazib berishni kechiktirishda aybladi. Dushanba kuni amerikalik senatorlar bilan muloqotda u Yevropadagi ittifoqchilari tomonidan puli toʻlab qoʻyilgan raketalar Pentagon tomonidan ushlab turilganini maʼlum qildi.

Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, tutib oluvchi raketalar partiyasi Ukrainaga yuborilishi uchun faqatgina AQSH mudofaa vaziri Pit Hegsetning imzosini kutmoqda. Shuningdek, Yevropa davlatlarining oʻz «Patriot» raketalarini Kiyevga topshirish boʻyicha kelishuvi ham Vashingtonning ruxsatiga bogʻliq boʻlib turibdi.

Mazkur eʼtirozlar Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga uyushtirgan yangi hujumlari fonida yangradi. Dushanbaga oʻtar kechasi Kiyev va uning atrofiga yoʻllangan ballistik raketa zarbalari oqibatida yarim milliondan ortiq xonadon elektr taʼminotisiz qoldi. Zelenskiy bu gal ham hamkorlardan raketa zarbalari haqida oldindan ogohlantirish olinmaganini taʼkidladi.