SSV matbuot xizmati xabar berishicha, ana shunday tadbir endi Surxondaryo viloyatida ham bo‘lib o‘tmoqda. 17 aprel kuni Termiz shahridagi «Sohil» bolalar oromgohida aksiya doirasida sayyor tibbiy qabullar boshlandi.
Unda vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislar, jami 200 nafardan iborat maxsus guruh aholini qabul qilishga kirishdi.

Surxondaryo —O‘zbekistonning janubiy darvozasi, mamlakatimizning eng olis hududlaridan biri. Bugun viloyatdagi 14 ta tuman va 1 ta shaharda 2,5 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 721 ta mahalla va 161 ta birlamchi tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi yillarda hududda sog‘liqni saqlash tizimini aholiga yanada yaqinlashtirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Biroq sohada hali yechimini kutayotgan masalalar yo‘q emas.
Viloyatda bo‘lib o‘tayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi ana shu muammo va kamchiliklarni samarali bartaraf etish maqsadida tashkil etildi.

Aksiya Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bo‘lgani kabi Surxondaryoda ham ikki bosqichda o‘tkazilyapti. Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida viloyatning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda «xonadonbay» tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni o‘rganmoqda.

Qaysi hududda qanday kasalliklar ko‘p tarqalgan bo‘lsa, shunga ko‘ra, joylarga aynan shu yo‘nalishdagi ixtisoslashtirilgan markazlar shifokorlari biriktirilyapti.

Ikkinchi bosqichda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan hududlardagi o‘rganish natijalari yakunlariga ko‘ra Termiz shahri va viloyatning qator tumanlarida sayyor tibbiy qabullar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bugungi tadbir bu boradagi dastlabki qadamdir.

«Erta tongdan boshlangan sayyor tibbiy qabulga sog‘ligida muammosi bor bemorlar kela boshladi. Ular dastlab tibbiy ro‘yxatga olinib, elektron tarzda tor soha mutaxassislari ko‘rigiga yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, bemor tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga ko‘ra tasniflanib, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olinyapti. Yuqori texnologik amaliyotlar talab etiladiganlarga esa shu yerning o‘zida order rasmiylashtirilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Sayyor qabul davomida tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarni davolash jarayoniga yo‘naltirish bilan birga, tuman tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, faoliyatiga doir muammolarni hal etish, sohani tajribali va kreativ fikrlovchi yosh mutaxassislar bilan ta’minlash masalalari ham kompleks tahlil qilinib, amaliy yechimlar belgilanyapti.

Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va shifokor punktlarini tashkil etish, birlamchi tibbiyot muassasalarida kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00ga qadar uzaytirish, olis va chekka hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, shu kunlarda og‘ir kasallikka chalingan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga muhtoj surxondaryolik bemorlarda davlat hisobidan operatsiyalar boshlab yuborilgan. Bu amaliyotlar poytaxtlik tajribali shifokorlar boshchiligida muvaffaqiyatli bajarilyapti.

«Aslida xastalikning har qanday turi — murakkab sinov. O‘z vaqtida va to‘g‘ri muolaja qilinmasa, kichik jarohat ham og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ammo og‘riqlardan oh chekib, dardiga darmon topolmay, noumid shiftga termilib yotgan yoki tug‘ma nuqsonlari tufayli tuzalishdan batamom umidini uzgan og‘ir bemorlar borki, davlatimiz, birinchi navbatda, ana shunday yurtdoshlarimiz huzuriga borib, ularga tirgak bo‘lishni, shifo va mehr ulashishni maqsad qilgan.
Bir emas, yuzlab insonlarning yana hayotga qaytishiga sabab bo‘layotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi shunisi bilan ahamiyatli.
Ushbu xayrli tashabbus tufayli sanoqli kunlar ichida Surxondaryoda 100dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani kichik natija emas, albatta. Eng muhimi, aksiya davom etmoqda. Yaqin kunlarda yana ko‘plab bemorlar sog‘ayib oyoqqa turishi kutilmoqda», deyiladi xabarda.









