O‘zbekiston | 08:30 / 05.11.2022
23520
3 daqiqa o‘qiladi

Senat saytini buzib kirganlar 14 yoshdagi o‘smirlar ekani ma’lum bo‘ldi

Ma’lum bo‘lishicha, Oliy Majlis Senati saytiga kiberhujum uyushtirganlar 6 kishi bo‘lib, ularning barchasi 14 yoshdagi o‘smirlar. Yosh hakerlar bungacha ham bir necha davlat organlari saytlariga, jumladan, Kundalik.com saytiga ham buzib kirishganini tan olishgan.

Internetda tarqalgan skrinshot

Hakerlar guruhi o‘zini MarshGolden deb nomlaydi. Jamoat yetakchisi My5 telekanaliga bergan anonim intervyusida kiberhujumlarni 2019 yildan boshlaganini aytadi.

“Saytlarni buzishni 2019 yili Kundalik.com saytidan boshlaganman. U paytlar sayt ancha zaif edi. Unga buzib kirib, baholarimizni to‘g‘rilaganmiz. O‘shandan keyin jamoa yig‘ib ish boshlaganmiz”, deydi ismi ochiqlanmagan haker.

Intervyu davomida yosh haker 2 noyabr kuni «Senat.uz» rasmiy saytiga hujumni ham o‘zlari uyushtirganini tan olgan. Bu orqali ular mutasaddilarga saytning xavfsizlik tizimidagi zaiflikni ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lishgan.

“2 noyabr kuni soat 11:00da saytdagi zaiflik haligacha bartaraf etilmagani sababli xavfsizlik tizimidagi kamchiliklarni ko‘rsatib qo‘yish maqsadida Senat rasmiy saytiga kiberhujumni amalga oshirdik. Bizda hali kiberxavfsizlik rivojlanmagan, shu sababli dasturchilar saytlarni ishlab chiqayotganda bu narsaga ahamiyat qaratishi kerak. Shuning uchun ham hali O‘zbekiston saytlarida zaifliklar ko‘p. Agar sharoit yaratib berilsa, bizga qilingan xarajatlarni davlat uchun ishlab qoplardik”, deydi MarshGolden guruhi yetakchisi.

Eslatib o‘tamiz, 2 noyabrdagi kiberhujum natijasida Oliy Majlis Senatining rasmiy saytiga kirish bir muddat imkonsiz bo‘lib qolgandi.

Bu vaqtda saytda “Kiberxavfsizlik markaziga salomlar” hamda “sizning tizimingiz [hakerlar guruhining logotipi] tomonidan buzib kirildi” degan yozuv ko‘rinib turdi.

Senatning Telegramdagi rasmiy kanalida hakerlar hujumi tufayli Senat.uz saytining ish qobiliyati buzilgani, ayni paytda sayt faoliyatini qayta tiklash choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.

Senat.uz saytiga kirmoqchi bo‘lganlar subdomenga yo‘naltirilgandi. Tanzila Norboyevaning matbuot kotibi Hojiakbar To‘laganov ushbu subdomen Senatning yangicha dizayndagi sayti ekani, kiberhujum ortidan test rejimidagi sayt vaqtincha ishga tushirib qo‘yilganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid